Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 iyul kuni Italiyaning Toskana viloyati gubernatori Eudjenio Jani boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda ikki tomonlama strategik sheriklikni, xususan savdo-iqtisodiy, investitsiya va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

“Ikki tomonlama aloqalarning barcha darajalarda faollashuvi va o‘zaro hamkorlikning asosiy ko‘rsatkichlarining dinamik o‘sishi mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 25 foizga oshdi. O‘zbekistonda metallurgiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, kimyo sanoati va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida yetakchi italyan kompaniyalari ishtirokida loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda”, deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

O‘zbekiston va Toskanani ko‘p asrlik tarixiy va madaniy aloqalar bog‘lab turishi ta’kidlandi. Buyuk Ipak yo‘li davrida Florensiya va O‘zbekistonning qadimiy shaharlari o‘rtasida faol savdo olib borilgan, florensiyalik savdogarlar va diplomatlar Amir Temur saroyida qabul qilingan.

Bugungi kunda Toshkentda Piza universitetining filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda va joriy yilda birinchi talabalarini bitirmoqda. Prato shahrida O‘zbekiston to‘qimachilik mahsulotlari savdo uyi ishlab turibdi. 2024-yilda Florensiyadagi Uffitsi galereyasida o‘zbek avangard san’ati asarlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.

Toskana viloyati bilan to‘qimachilik, charm-poyabzal, oziq-ovqat va zargarlik sanoati, qurilish sohasi, shuningdek, ta’lim, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlikni rivojlantirish uchun katta salohiyat mavjudligi qayd etildi.

Toskana va Buxoro viloyati o‘rtasida hamkorlik shartnomasi imzolanishi va sheriklik aloqalarining rivojlanishi yuqori baholandi.

Uchrashuv yakunida Toskana va O‘zbekiston hududlari o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yangi loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi qo‘shma “yo‘l xaritasi”ni tayyorlash va qabul qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Toskana Italiyaning eng iqtisodiy rivojlangan mintaqalaridan biri bo‘lib, kuchli sanoat salohiyati, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, zamonaviy qishloq xo‘jaligi, jahonga mashhur vinochilik va turizm sohasiga ega.

Mintaqaning poytaxti Florensiya Uyg‘onish davrining beshigi sifatida tan olingan bo‘lib, jahon madaniyati, ilm-fani va san’atiga katta hissa qo‘shgan.

Source: kun.uz