2026-yilning ikkinchi choragida (aprel-iyun oylari) O‘zbekistonda chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash bilan bog‘liq 1548 ta huquqbuzarlik holati aniqlandi. Bu haqda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, qoidabuzarliklarning 354 tasi transport vositalari, 1194 tasi esa fuqarolar tomonidan sodir etilgan. Huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, tegishli choralar ko‘rilmoqda. Jarimaga tortilganlar ulushi 16,9 foizni tashkil etgan.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, kuzatuv kameralari orqali aniqlangan huquqbuzarliklar bo‘yicha qo‘llanilgan jarimalarning umumiy summasi 123 mln 394 ming so‘mga yetgan.
Qayd etilishicha, hozirda respublikaning deyarli barcha hududlarida jami 700 dan ortiq onlayn kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan. Ular orqali nafaqat chiqindilarni belgilanmagan joylarga tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklar ham aniqlanib, tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Belgilanmagan joylarga qattiq maishiy chiqindilarni va qurilish chiqindilarini tashlash, shuningdek, suyuq maishiy chiqindilarni to‘kish fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravaridan 3 baravarigacha (412 ming so‘mdan 1,236 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 baravaridan 20 baravarigacha (4,12 mln so‘mdan 8,24 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilsa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 10 baravarigacha (2,06 mln so‘mdan 4,12 mln so‘mgacha), mansabdor shaxslarga esa 20 baravaridan 30 baravarigacha (8,24 mln so‘mdan 12,36 mln so‘mgacha) miqdorda jarima solinadi.
Eslatib o‘tamiz, yanvar-mart oylarida O‘zbekistonda onlayn kameralar orqali chiqindilarni noqonuniy tashlash bo‘yicha 2107 ta holat aniqlangan edi.
Source: www.gazeta.uz