Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

"Navoiy sanoatni rivojlantirish kompleksi" maxsus sanoat parki direksiyasi direktori Narimonjon No‘monovich Ismoilov Toshkent viloyati Bekobod shahri hokimi etib tayinlandi. Bu haqda viloyat hokimligi axborot xizmati xabar berdi.

14-iyul kuni shaharda Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va navbatdagi muhim vazifalar yuzasidan tahliliy ma’ruza qildi.

Mazkur yig‘ilishda 2022-yil may oyidan beri shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Nasrulla Babayev egallab turgan lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Ismoilov tayinlandi.

Ma’lumot uchun, yangi hokim Ismoilov 2017-yilda Toshkent shahri iqtisodiyot va kompleks rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i sifatida ish boshlagan. U keyinchalik Navoiy sanoat parkida rahbarlik qilgan.

Bir kun avval Shavkat Mirziyoyev yangi yo‘lga qo‘yilgan elektropoyezdda Toshkentdan Bekobod shahriga borgandi. Tashrif davomida davlat rahbari O‘zbekiston metallurgiya kombinatidagi yangi loyihalar bilan tanishdi, shuningdek, “Do‘stlik” mahallasida bo‘ldi.

Source: www.gazeta.uz