Navoiy viloyatida Navoiy kon-metallurgiya kombinati (NGMK) xodimi korxonadan oltin tarkibli pulpani gilam bo‘laklariga singdirib olib chiqishga uringani uchun jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.
Sud hukmiga ko‘ra, 36 yoshli X.O. NGMK Markaziy rud boshqarmasi 2-sonli boyitish fabrikasining maydalash sexida tegirmon mashinisti bo‘lib ishlagan. 20 mart kuni u zavod hududidan qimmatbaho metall tarkibli pulpani ikki bo‘lak gilamga singdirib olib chiqmoqchi bo‘lgan. Biroq uning harakatlari fosh etildi.
Gilam bo‘laklaridan 4 kg dan ortiq ruda qumi ajratib olingan bo‘lib, unda 18,44 gramm oltin (qiymati 35 million so‘m) va 4 gramm kumush (qiymati 120 ming so‘m) borligi aniqlangan.
X.O. aybini tan oldi. Sudda u: “20 mart kuni men jadval bo‘yicha ishga keldim va biriktirilgan tegirmonlar tomon yo‘l oldim. 29-sonli tegirmonning pastki yuklash quvurlarining qopqoqlarini ochib, ikki bo‘lak gilamni ichiga soldim. Smena tugagach, gilam bo‘laklarini olib, selofan paketga joyladim. Ularni olib chiqayotganimda zavod qo‘riqlash xodimlari menga qarab kelayotgan edi. Ularni ko‘rib, paketni yon tomonga tashladim. Xodimlar shubhalanib, paketni ochib ko‘rishdi. Shundan so‘ng ular ichki ishlar organlari xodimlariga xabar berishdi”, deb ko‘rsatma berdi.
X.O. suddan yengillik so‘rab, oilaviy va moddiy ahvoli og‘irligini, shuningdek, oilada yagona boquvchi ekanini aytdi.
Tamdi tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudining hukmi bilan X.O. Jinoyat kodeksining 25, 169-moddasi (O‘g‘rilik) 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybdor deb topildi. Unga 10 BHM (4 million 120 ming so‘m) miqdorida jarima jazosi tayinlandi.
Source: kun.uz