Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona tumanlararo sudi Gulira'no Qosimovaning ishdan bo‘shatilishini noqonuniy deb topdi. Ayol avvalgi ish joyiga tiklandi va majburiy ishsiz yurgan uch oy uchun ish haqi undirildi. O‘zbekiston Oliy sudi Qosimovaning murojaati aks etgan videoni e’lon qildi.

Gulira'no Qosimova ishdan noqonuniy bo‘shatilganini ta’kidlab, sudga murojaat qilgan. Sud uning da’vosini qanoatlantirib, ishdan bo‘shatish haqidagi buyruqni noqonuniy deb topgan. “Sud mening foydamga majburiy ishsiz yurgan davrim uchun uch oylik ish haqini undirish va avvalgi ish joyimga tiklash haqida qaror chiqardi”, dedi u.

Qosimovaning ta’kidlashicha, so‘nggi bir yil ichida uning sud tizimiga munosabati o‘zgargan. “Bir yil oldin menda sudga ishonchsizlik bo‘lgan. Lekin hozir men sudlarga to‘laqonli ishonaman, chunki buni boshimdan o‘tkazgan holatlarim isbotladi”, dedi u.

Ayolning so‘zlariga ko‘ra, shu vaqt ichida unga oid jinoyat ishi, ma’naviy zararni qoplash haqidagi fuqarolik ishi va mehnat nizosi sudlarda ko‘rib chiqildi. “Jinoyat sudi, ma’naviy zarar bo‘yicha fuqarolik sudi yoki mehnat qonunchiligi bo‘yicha sudlarimiz – hammasi odillik bilan ko‘rib chiqilganiga guvohman”, dedi Qosimova.

U ishlarini ko‘rishda ishtirok etgan sudyalar, Oliy sud va Farg‘ona viloyati sudlariga minnatdorlik bildirdi.

Gulira’no Qosimova avval Farg‘ona viloyatidagi maktab direktori bo‘lib ishlagan. Mojaro yo‘l-transport hodisasida jabrlangan turmush o‘rtog‘ining operatsiyasi uchun qarz so‘rash maqsadida tuman soliq inspeksiyasi rahbari huzuriga borganidan keyin boshlangan. Shu vaqt xonaga fuqarolik kiyimidagi bir necha tezkor xodim kirib kelgan.

Qosimovaning ta’kidlashicha, IIB xodimlari uni kaltaklagan, yechintirgan va tahqirlagan. Uning fikricha, bu harakatlar tuman soliq inspeksiyasi rahbarini obro‘sizlantirish uchun amalga oshirilgan. Shuningdek, IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan “ushlanib qolgani” haqidagi xabarda ham nomuvofiqliklar borligini bildirgan.

Ichki ishlar vazirining maslahatchisi, IIVning sobiq rahbari Zokirjon Almatov bu holatga munosabat bildirib, “Biz o‘zidan ketib qolgan bunday rahbarlarni aslo kechirmaymiz”, degan edi. Senat avvalroq ushbu ishni nazoratga olgandi.

2025-yil noyabr oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Quvasoy tumani sudi hukmi bilan Furqat tumani IIBning sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulov to‘rt yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi. Ular, shuningdek, uch yil muddatga IIV tizimi va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda lavozim egallash huquqidan mahrum qilingan.

Sud ularni inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi ma’lumotlarni oshkor qilish, turar joy daxlsizligini buzish, mansab vakolati doirasidan chetga chiqish, tezkor-qidiruv faoliyati natijalarini soxtalashtirish hamda qonunga xilof ravishda ushlab turish yoki hibsga olishda aybdor deb topgan. Ular jazoni manzil-koloniyada o‘tamoqda.

Qosimovaning aytishicha, voqeada ishtirok etgan boshqa IIB xodimlariga oid materiallar jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasini hal qilish uchun Farg‘ona viloyati prokuraturasiga yuborilgan. Qosimova va tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i Qurbonali Abdurahmonovga ma’naviy zararni undirish to‘g‘risida fuqarolik sudiga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan.

Sud majlislaridan biri vaqtida Qosimova zaldan chiqarib yuborilgan edi. Bu holat, shuningdek, ayolga nisbatan ijtimoiy tarmoqlardagi kiberbulling faollarning noroziligiga sabab bo‘lgan.

Source: www.gazeta.uz