Qashqadaryo viloyatida havo haroratining keskin ko‘tarilishi sababli yuk avtomobillari harakatiga vaqtinchalik cheklov joriy etildi. Viloyat hokimligi ma’lumotlariga ko‘ra, kunduzi havo harorati 42–44 darajaga yetmoqda, ayrim hududlarda esa undan ham yuqori.
Asfalt-beton qoplamasi 70–75 darajagacha qizib, mustahkamligini yo‘qotmoqda. Shu sababli, og‘ir yuk mashinalari bosimi ostida yo‘llarda izlar, deformatsiyalar va boshqa shikastlar paydo bo‘lishi mumkin.
Cheklovga ko‘ra, yuk mashinalariga Qarshi shahri, tuman markazlari va ularni bog‘lovchi umumiy foydalanishdagi yo‘llarda har kuni soat 09:00 dan 19:00 gacha harakatlanish taqiqlangan.
Hokimlik haydovchilar va transport korxonalarini yuk tashishni rejalashtirishda ushbu vaqtinchalik taqiqni hisobga olishga chaqirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatida ham shunday cheklov joriy etilgan edi. U yerda yuk mashinalariga Termiz shahri, tuman markazlari va ularni bog‘lovchi yo‘llarda soat 10:00 dan 19:00 gacha harakatlanish taqiqlangan.
Source: podrobno.uz