Andijon viloyati IIB tezkor-qidiruv xizmati xodimlari viloyat prokuraturasi bilan hamkorlikda buyurtma qilingan qotillikning oldini oldi.
Ma’lum bo‘lishicha, Asaka tumanining 52 yoshli ayoli o‘zi bilan birga yashashni davom ettirayotgan sobiq turmush o‘rtog‘ini o‘ldirishga buyurtma bergan. Bunga uy-joy borasidagi nizo sabab bo‘lgan. Ayol qotillikni $3 ming evaziga amalga oshirishga odam qidirgan.
Tezkor tadbir davomida huquq-tartibot xodimi yollangan qotil rolini o‘ynagan. 10 iyul kuni ayol u bilan uchrashib, jinoyat rejasini muhokama qilgan va 5 million so‘m avans bergan. Qolgan pulni sobiq erining o‘limi tasdiqlanganidan keyin to‘lashga va’da bergan.
11 iyulga o‘tar kechasi huquq-tartibot xodimlari qotillikni sahnalashtirgan. Erkak Asaka tumanidagi dalaga olib chiqilib, maxsus grim yordamida o‘lim ko‘rinishi yaratilgan, so‘ng ayol voqea joyiga chaqirilgan.
Erkak go‘yoki o‘ldirilganiga ishonch hosil qilgan ayol qolgan pulni to‘lashga tayyorligini bildirgan va shu zahoti qo‘lga olingan.
Holat bo‘yicha Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi va 25-moddasi (Qasddan odam o‘ldirishga suiqasd) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov olib borilmoqda.
Source: uznews.uz