O‘zbekistonda mobil aloqa orqali tarqatiladigan reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarga nisbatan yangi talablar joriy etiladi. Prezidentning 15-iyulda qabul qilingan qaroriga ko‘ra, reklama faqat fuqaroning oldindan berilgan roziligi bilan yuborilishi, kechki va tungi vaqtda esa tarqatilmasligi kerak.
Yangi tartib 2026-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi. Unga ko‘ra, mobil aloqa vositalari orqali tovar, ish va xizmatlarni reklama qiluvchi barcha yuridik va jismoniy shaxslar SMS-xabarlarni faqat shaxsning yozma yoki elektron roziligini olganidan keyin yuborishi mumkin bo‘ladi.
Reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarni jo‘natish xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxslarga esa o‘z axborot tizimlarini Shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining davlat reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazgandan keyin xizmat ko‘rsatishga ruxsat beriladi.
Shuningdek, reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlarni mobil aloqa tarmoqlari orqali soat 18:00 dan 09:00 gacha tarqatish taqiqlanadi.
Mobil aloqa operatorlariga ham yangi majburiyat yuklanmoqda. Ular abonent talabiga ko‘ra o‘zlari tarqatayotgan reklama qo‘ng‘iroqlari va SMS-xabarlarni to‘liq yoki qisman bloklashi shart bo‘ladi.
Hujjatda qayd etilishicha, mazkur talablarga rioya etmaslik reklama hamda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish deb baholanadi va tegishli choralar ko‘rish uchun asos bo‘ladi.
2026-yil avgustga qadar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning reklama qo‘ng‘iroqlari va xabarlariga oid huquqlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga kiritiladi. Loyiha Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi hamda Telekommunikatsiyalarni tartibga solish agentligi tomonidan ishlab chiqiladi.
Source: www.gazeta.uz