Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Mustaqillik prospektida navbatdagi rekonstruksiya bosqichi boshlanishi munosabati bilan transport harakati sxemasi vaqtincha o‘zgartiriladi. Ta’mirlangan yo‘l uchastkasi ochilgandan so‘ng, qurilish-ta’mirlash ishlari qarama-qarshi yo‘nalishda boshlanadi.

Toshkent hokimiyati ma’lumotiga ko‘ra, Mustaqillik prospektida yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, transport oqimini tartibga solish va jamoat transporti harakati uchun qulay sharoit yaratish maqsadida bosqichma-bosqich qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Oldingi bosqichda prospektning bir tomoni to‘liq ta’mirlanib, yo‘l qoplamasi yangilangan. Shuningdek, prospekt bo‘ylab muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va boshqa infratuzilma ob’ektlarini takomillashtirish ishlari davom etmoqda.

Endi prospektning ikkinchi tomonida ta’mirlash ishlarini boshlash uchun harakat tartibi o‘zgartiriladi. Shu munosabat bilan 16-iyul soat 01:00 dan 31-iyul 2026-yil soat 22:00 gacha Mustaqillik prospektining Parkent ko‘chasi bilan kesishmasidan Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi bilan chorrahasigacha bo‘lgan qismi transport harakati uchun vaqtincha yopiladi.

Shu bilan birga, 16-iyul soat 02:00 dan boshlab Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi chorrahasidan Oqqo‘rg‘on ko‘chasigacha bo‘lgan, ta’mirlash ishlari allaqachon yakunlangan uchastka barcha turdagi transport vositalari harakati uchun qayta ochiladi.

Vaqtinchalik cheklovlar Mustaqillik prospektini to‘liq va sifatli rekonstruksiya qilish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va haydovchilar, yo‘lovchilar hamda piyodalar uchun zamonaviy va qulay yo‘l infratuzilmasini yaratish maqsadida joriy etilmoqda.

Toshkent shahar YHXB markazi haydovchilardan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan noqulayliklar uchun uzr so‘rab, marshrutlarni oldindan rejalashtirishni tavsiya qiladi.

Source: kun.uz