Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalla raislarining roli va mas'uliyatini oshirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ma'lum qildi. Davlat rahbarining ta'kidlashicha, mahalla raisi ijtimoiy muammolarni hal etish, tozalikni ta'minlash va daromadlarni oshirishga qaratilgan loyihalarda tashabbus ko'rsatishi lozim.

Bunday loyihalarni amalga oshirish uchun «mahalla yettiligi»ga 10 million so‘m miqdorida grant ajratiladi. Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, agar 8 992 ta mahallaning har birida kamida bitta shunday loyiha amalga oshirilsa, hududlardagi muhit sezilarli darajada o‘zgaradi. Shu maqsadlar uchun 240 milliard so‘m hajmida resurs shakllantirilgan.

Mahalla raisi o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisiga aylanishi kerak. Buning uchun u hokim yordamchisi, xotin-qizlar bilan ishlash bo‘yicha faol, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliq inspektori va bank xodimidan iborat «yettilik»ning haftalik va oylik ish rejalarini tasdiqlaydi. Rais har bir «yettilik» a'zosiga aniq vazifalar qo‘yadi va ulardan hisobot talab qiladi.

«Yettilik» faoliyatiga uslubiy ko‘mak berish va joylardagi muammolarni ilmiy yondashuv asosida hal qilish uchun Milliy mahalla rivojlanish instituti tashkil etiladi. Institut «yettilik» a'zolarini o‘qitadi va mahallalarning dolzarb muammolariga ilmiy yechimlar ishlab chiqadi.

Source: kun.uz