Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyuldagi yig‘ilishda mahalla yettiligi a’zolariga ijtimoiy muammolarni hal etish, tozalikni saqlash va aholi daromadlarini oshirishga qaratilgan loyihalar uchun 10 million so‘mdan grantlar ajratilishini ma’lum qildi. Ushbu maqsadlar uchun jami 240 milliard so‘m miqdorida resurs shakllantiriladi.

Eslatib o‘tamiz, “yettilik” tarkibiga mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektori kiradi. Davlat rahbari mahalla raislari bunday loyihalarni amalga oshirishda tashabbuskor bo‘lishlari kerakligini ta’kidladi.

Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, agar mamlakatdagi 8992 ta mahallaning har birida loaqal bittadan loyiha hayotga tatbiq etilsa, joylardagi vaziyat sezilarli darajada o‘zgaradi. Shuningdek, mahalla raisi “o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi” bo‘lishi kerakligini ta’kidlab, endilikda u hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi, ijtimoiy xodim, profilaktika inspektori, soliq inspektori hamda mahallaga biriktirilgan bank xodimining haftalik va oylik ish rejalarini tasdiqlashini bildirdi.

Mahalla raislari, shuningdek, “yettilik” a’zolari oldiga aniq vazifalar qo‘yadi va ularning hisobotlarini muntazam ravishda eshitib boradi. “Mahalla yettiliklari”ni uslubiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va mahalliy muammolarni hal etishga ilmiy yondashuvni tatbiq etish maqsadida Mahallani rivojlantirish milliy instituti tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, mahallalarga biriktirilgan bank xodimlarining ish uslublari ham o‘zgarishini e’lon qildi. Banklar har bir mahallaning “o‘sish nuqtalari”ni aniqlashi, tashabbuskor aholini topishi va daromad keltiradigan loyihalar sonini ko‘paytirishi lozim bo‘ladi. Endilikda bitta mahalla bankiriga uchtadan ko‘p bo‘lmagan mahalla biriktiriladi.

Prezident Surxondaryo viloyati Angor tumanidagi Yangiobod mahallasini muvaffaqiyatli namuna sifatida keltirib o‘tdi. U yerda 2 kilometrli zovur usti tarmog‘i yopilib, o‘rnida 110 ta xizmat ko‘rsatish obyekti tashkil etilgan. Buning evaziga atrofdagi hududlarda yashovchi 1225 nafar aholi ish o‘rni va daromad manbaiga ega bo‘ldi.

Arnasoy tumanidagi Baxtli mahallasida esa bank xodimi tomonidan 20 ta xonadonga mehmon uylari ochish uchun 50 million so‘mdan kredit ajratilgan. Prezidentning ta’kidlashicha, bu yerdagi har bir oila mavsum davomida 100 million so‘mgacha daromad olmoqda. Ushbu loyihalar ishga tushirilgach, yana 80 ta oila o‘z xonadonida mehmon uylari tashkil etishni boshlagan.

Ikki hafta muddatda oliy ta’lim muassasalarining tashabbuskor bitiruvchilari hamda zamonaviy fikrlaydigan yosh mutaxassislar orasidan 400 nafar yangi mahalla bankiri saralab olinadi. So‘ngra ular bir oy davomida namunali mahallalar tajribasini o‘rganadi.

Eslatib o‘tamiz, mahallalardagi bo‘sh yer maydonlarini xususiy bog‘cha, maktab, shifoxona va sport obyektlari barpo etish uchun auksion orqali ajratish rejalashtirilmoqda. Davlat rahbarining ma’lum qilishicha, bunday vakolat mahalla raislariga beriladi. Bunda qarorlar aynan shu hududning real ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinishi lozim.

Source: www.gazeta.uz