Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda “mahalla yettiliklari” faoliyatini keskin tanqid qildi. Yil boshidan buyon mahallalarda ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘ya olmagan 152 rahbar lavozimidan chetlashtirildi, yana 700 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi.

Prezident matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda tumanlarga infratuzilmani yaxshilash va aholi uchun sharoit yaratishga o‘rtacha 250 milliard so‘m, mahallalarga esa 5,5 milliard so‘m ajratilgan. Hokimlar va mahalla raislarining daromadlar bo‘yicha vakolatlari kengaytirilib, joylardagi qo‘shimcha mablag‘lar 2 baravargacha oshirilgan.

Biroq, davlat rahbari ta’kidlaganidek, resurslar va vakolatlar mavjud bo‘lishiga qaramay, joylarda mas’uliyat va tashabbus yetishmayapti. Ayrim tumanlarda kam ta’minlangan oilalarning amalga oshirilayotgan loyihalarda ishtiroki 15 foizga ham yetmaydi. Harakatsizlikka misol sifatida Qorao‘zak, Marxamat, Mirishkor, Nurabod va Termiz tumanlari keltirildi.

Achinarlisi, 960 kam ta’minlangan oila yashaydigan 32 ta mahallada birorta ham muhtoj shaxs doimiy ishga joylashtirilmagan. 883 ta mahallada bank xodimlari xonadonlarni aylanib chiqmagan, loyihalar ishlab chiqmagan va tadbirkorlar bilan uchrashmagan.

Shu sababli yil boshidan buyon mahallada ishni to‘g‘ri tashkil eta olmagan 152 rahbar lavozimidan olindi, yana 700 nafar xodim intizomiy javobgarlikka tortildi. Mas’ullarga mahallalardagi soliq tushumlari, jinoyatchilikni oldini olish va aholi muammolarini hal qilish bo‘yicha savollar berildi. Prezident mahalla odamlar uchun “ishonch, tayanch va imkoniyatlar markazi”ga aylanishi kerakligini ta’kidladi.

Source: kun.uz