Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda mahallalarning budjetini mustahkamlash bo‘yicha yangi chora-tadbirlarni ma’lum qildi. Unga ko‘ra, 2026-yilda mahallalar budjetiga tushumlarni 1,6 trillion so‘mga, kelgusi yildan boshlab esa 2 trillion so‘mga yetkazish rejalashtirilmoqda. Dastlab 2026-yilda mahallalar ixtiyorida 600 milliard so‘m qoldirish ko‘zda tutilgan edi.

Prezidentning iyun oyida imzolangan farmoniga ko‘ra, mahallalarda qoladigan yer va mulk solig‘i tushumlarining ulushi 10 foizdan 15 foizgacha oshirildi. Shuningdek, sanitariya qoidalarini buzish va noqonuniy qurilish uchun belgilangan jarimalarning 10 foizi ham ularning budjetlariga o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, mahallalarga maydoni 5000 kv metrgacha bo‘lgan bo‘sh turgan binolarni mustaqil ravishda sotuvga qo‘yishga ruxsat berildi. Buning hisobiga 405 milliard so‘m miqdorida qo‘shimcha tushumlar ta’minlanishi kutilmoqda.

Shuningdek, noturar joy obyektlari uchun to‘lanadigan yer solig‘i va mulk solig‘ining 5 foizi mahallalar ixtiyoriga o‘tkaziladi. Prezidentning hisob-kitoblariga ko‘ra, buning evaziga ularning budjetlariga har yili yana 400 milliard so‘m mablag‘ kelib tushadi.

Yil yakunlari bo‘yicha 200 ta mahallaga 2 milliard so‘mdan mukofot ajratiladi. Mablag‘ni eng ko‘p tadbirkorlarni ro‘yxatdan o‘tkazgan, eng ko‘p ish o‘rni yaratgan, eng yuqori tushumlarni ta’minlagan va soliq bazasi uchun eng ko‘p qo‘shimcha manbalarni aniqlagan hududlar qo‘lga kiritadi.

Yig‘ilishda, shuningdek, oilaviy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasi ham muhokama qilindi. Joriy yilda tegishli loyihalarga qo‘shimcha ravishda 2 trillion so‘m imtiyozli resurs yo‘naltirildi. “Og‘ir” mahallalar uchun kreditlar bo‘yicha foiz stavkasi 17,5 foizdan 12 foizgacha pasaytirildi.

1-avgustdan mahalla bankirlari ushbu resurslarni o‘zlari topgan loyihalarga yo‘naltirishlari mumkin bo‘ladi. Ular uchun ishbilarmonlik faolligini oshirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini ko‘paytirish bo‘yicha KPI belgilanadi.

Tuman va shahar hokimlari mahalla raislari bilan birgalikda yil oxiriga qadar har bir mahalla bankiri uchun aniq vazifalarni ishlab chiqishi kerak.

Davlat banklari bu yil 100 ta mahallani ixtisoslashtirishni taklif qilgan. O‘tgan yili to‘qqizta davlat banki ishtirokida mahallalarda agrosanoatni rivojlantirish uchun Agrostar kompaniyalari tashkil etilgandi.

Endi banklar faqat hududlarni ixtisoslashtirish bilan cheklanib qolmay, Agrostar’ni jalb qilgan holda to‘liq ishlab chiqarish zanjirini: “yetishtirish — qayta ishlash — saqlash — qadoqlash — sotish”ni yaratishlari shart.

Prezident bir oy muddatda tegishli dasturni tayyorlash va uni 1000 ta mahallada amalga oshirishni boshlash bo‘yicha topshiriq berdi.

Eslatib o‘tamiz, mahallalardagi bo‘sh yer uchastkalarini auksion orqali xususiy bolalar bog‘chalari, maktablar, klinikalar va sport obyektlari uchun berish rejalashtirilmoqda. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, mahalla raislari bunday vakolatlarga ega bo‘ladi. Qarorlar aniq bir hududning ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

Ijtimoiy muammolarni hal qilish, obodonlashtirish va aholi daromadlarini oshirish loyihalari uchun har bir “mahalla yettiligi”ga 10 million so‘mdan grantlar ajratiladi. Shavkat Mirziyoyev mahalla raisi “o‘z hududining haqiqiy boshqaruvchisi”ga aylanishi kerakligini ta’kidladi. Bir nafar bankirga uchtadan ortiq bo‘lmagan mahalla biriktiriladi.

Source: www.gazeta.uz