16-iyul kuni kechqurun Toshkentning Do‘rmon yo‘li va G‘azalkent ko‘chalari chorrahasida uchta xizmat mototsikli ishtirokida yo‘l-transport hodisasi yuz berdi. To‘qnashuv lahzalari avtomobillardan birining videoregistratoriga muhrlangan.
Videoyozuvdan ko‘rinishicha, chorrahada avtomobillar va piyodalar harakatini bir nechta huquq-tartibot idoralari xodimlari tartibga solib turgan. Yuqori tezlikda furgon va yana bir avtomobil o‘tib ketganidan so‘ng ular tarqala boshlaydi va harakatlanishga ruxsat beradi. Svetoforda yashil chiroq yonishi bilan yengil avtomobillardan biri harakatni boshlaydi.
U chorrahaga chiqishi bilan, katta tezlikda yonma-yon kelayotgan ikkita mototsikl, ularning ortidan esa yana biri kelib uriladi. Videodan ko‘rinishicha, oxirgi mototsikl to‘qnashuvdan so‘ng darhol yonib ketgan. Zarb oqibatida jiddiy shikastlangan avtomobil yo‘lning qarama-qarshi tomoniga uchib o‘tib, boshqa ikkita mashinaga shikast yetkazgan.
Halokat yuz bergan hududda harakat vaqtincha to‘xtatilgan va oqibatlar bartaraf etilgach, yo‘l qayta ochilgan. Huquq-tartibot idoralaridagi manbaning ma’lum qilishicha, xizmat mototsikllari YPXga tegishli bo‘lgan.
IIV JXD YHXX matbuot kotibi Zoyir Yo‘ldoshevning ma’lum qilishicha, YTH oqibatida patrul mototsiklini boshqarib borgan bir nafar YPX xodimi voqea joyida halok bo‘lgan. “Tan jarohati olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, — dedi u jarohatlanganlarning aniq sonini ochiqlamasdan.
Holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Zoyir Yo‘ldoshev, shuningdek, avariya kortej kuzatuvi vaqtida sodir bo‘lmaganini qo‘shimcha qildi. U ijtimoiy tarmoqlarda muhokama qilinayotgan bu talqinni haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, deb atadi.
Source: www.gazeta.uz