Toshkent viloyati, Ohangaron tumanidagi chiqindixonada 10 iyul kuni sodir bo‘lgan yirik yong‘in sabablari aniqlangan. Ekopolitsiya ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in chiqindilarni joylashtirish va ko‘mish qoidalarining qo‘pol buzilishi natijasida yuzaga kelgan.
Yong‘in Ohangaron yo‘lining 32-kilometrida, “Yangi hayot” qishlog‘idagi maishiy chiqindilar poligonida ro‘y bergan. Mutaxassislar voqea joyiga yetib borib, tekshiruv o‘tkazgan va poligon rahbariga yong‘inni zudlik bilan bartaraf etish haqida ko‘rsatma berilgan.
Biroq 11 iyul kuni qayta tekshiruv chog‘ida qoidabuzarliklar bartaraf etilmagani va yong‘in davom etayotgani aniqlangan. Natijada poligon rahbariga nisbatan yangi ma’muriy bayonnoma tuzilgan.
Laboratoriya tadqiqotlari havoning jiddiy ifloslanganini ko‘rsatgan. Uglerod oksidi konsentratsiyasi me’yordan 10,7 baravar, formaldegid 12,2 baravar, azot dioksidi 12,8 baravar, oltingugurt dioksidi 9 baravar, vodorod sulfidi esa 1,5 baravar oshgan.
Mutaxassislar Toshkentdagi havo sifatining yomonlashishini ob-havo sharoiti bilan bog‘lashmoqda. 11 iyul kuni kechqurun poytaxtda avval tinch ob-havo kuzatilgan, keyin shamol kuchayib, Ohangaron tomondan esgan. Bu davrda monitoring stansiyalari PM2.5 va PM10 mayda zarrachalar kontsentratsiyasining o‘sishini qayd etgan.
Tekshiruv yakuniga ko‘ra, “Maxsustrans-ISHB” korxonasiga ekologiyaga yetkazilgan zarar uchun 683 million so‘mdan ortiq kompensatsiya hisoblangan. Hozirda hujjatlar sudga topshirish uchun tayyorlanmoqda.
Ekologiya milliy qo‘mitasi ta’kidlashicha, poligon qurilishi 2021-yilda boshlangan bo‘lsa-da, ob’ekt hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Shunga qaramay, 2025-yil may oyidan boshlab unga Toshkentdan maishiy chiqindilar tashib keltirilmoqda.
Source: podrobno.uz