Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 16 iyul kuni mamlakat yagona energiya tizimida sutkalik elektr energiyasi iste’moli 291 million kVt/soatni tashkil etdi. Bu yozgi davr uchun yangi rekord bo‘lib, o‘tgan yilgi maksimal ko‘rsatkichdan 18,4 million kVt/soatga yoki 6,7 foizga yuqori.

Shu kuni elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha ham rekord o‘rnatildi – 295,4 million kVt/soat. Bu bir kun avval qayd etilgan ko‘rsatkichdan 4 million kVt/soatga ko‘p.

Vazirlikning qayd etishicha, mamlakatda elektr energiyasiga talab oshgan, shuningdek ochiq havoda joylashgan elektr uzatish liniyalari va uskunalar yuqori harorat ta’sirida qizib, haddan tashqari yuklanish va shikastlanish xavfini oshiradi.

“Jiddiy avariyalarning oldini olish uchun dispetcherlik xizmatlari elektr tarmoqlarining ayrim uchastkalaridagi yuklamani vaqtincha pasaytirmoqda. Ayrim hududlarda elektr energiyasi qisqa muddatga – ikki soatgacha uzilishi mumkin”, deyiladi xabarda.

Bir necha viloyatlarda iste’molchilarning bir qismi vaqtincha elektrsiz qoldi: Qashqadaryo viloyatida – Ko‘kdala va Chiroqchi tumanlarida 1750 nafar iste’molchi; Jizzax viloyatida – Sharof Rashidov va Zomin tumanlarida 1200 nafar iste’molchi; Xorazm viloyatida – Shovot, Gurlan va Qo‘shko‘pir tumanlarida 1300 nafar iste’molchi; Toshkent viloyatida – Toshkent va Zangiota tumanlarida 1000 nafar iste’molchi.

Vazirlik vaqtinchalik choralar uskunalarni himoya qilish va uzoq muddatli ta’mirlashni talab qiladigan keng ko‘lamli uzilishlarning oldini olish uchun zarurligini ta’kidladi.

Mamlakat aholisi jazirama issiq davrida elektr energiyasidan tejamkorlik bilan foydalanishga va imkon qadar kuchli elektr asboblaridan keraksiz foydalanmaslikka chaqirildi.

Source: uznews.uz