Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov FIDE Excellence Awards ilk mukofotining bir yo‘la ikki nominatsiyasi — “Eng yaxshi shaxmatchi” va “Yil kashfiyoti” bo‘yicha short-listga kiritildi. G‘oliblar sentabr oyida Samarqandda 46-Jahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda o‘tkaziladigan taqdirlash marosimida e’lon qilinadi.

Sindarovning xalqaro musobaqalardagi ishtiroki, musobaqalarga tayyorgarligi va murabbiylar bilan mashg‘ulotlari O‘zbekiston Milliy banki ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) FIDE Excellence Awards mukofotini ilk bor 2026-yilda ta’sis etdi. U ikki yillik sikl davomidagi yutuqlar uchun har ikki yilda bir marta topshiriladi. Ilk mukofot 2024-yil sentabridan 2026-yil avgustigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi.

Nomzodlarni ommaviy tarzda ko‘rsatish jarayoni iyun oyida yakunlanganidan so‘ng, FIDE arizalarni tekshirib chiqdi va short-listlarni tuzdi. 11 ta nominatsiyaning har birida maxsus hay’at tomonidan tanlab olingan o‘n nafardan nomzod taqdim etilgan.

So‘nggi ikki yilda Sindarov jahon shaxmat elitasidagi o‘rnini sezilarli darajada mustahkamladi. 2024-yil sentabrida uning klassik shaxmat bo‘yicha reytingi 2677 ballni tashkil etgan bo‘lsa, 2026-yil iyuliga kelib 2777 ballga yetdi. Shu vaqt ichida u reytingini 100 ballga oshirib, amaldagi jahon shaxmatchilari orasida to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarildi hamda FIDE talqiniga ko‘ra O‘zbekiston va Osiyoning birinchi raqamiga aylandi.

Sindarovning 2025-yildagi asosiy yutug‘i Goada o‘tkazilgan FIDE Jahon kubogidagi g‘alaba bo‘ldi. Finalda u xitoylik grossmeyster Vey Ini tay-breykda mag‘lub etib, 19 yoshida turnir tarixidagi eng yosh g‘olibga aylandi. Bu natija unga nomzodlar turniriga yo‘llanma ham taqdim etdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu yutug‘i uchun unga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvonini berdi.

2026-yil aprelida Sindarov muddatidan avval nomzodlar turnirida g‘alaba qozonib, jahon chempioni unvoni uchun Gukesh Dommaraju bilan o‘ynash huquqini qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston rahbari unga “Mehnat shuhrati” ordenini topshirdi.

“Eng yaxshi shaxmatchi” nominatsiyasida Sindarov bilan birga O‘zbekistonning yana bir vakili Nodirbek Abdusattorov, shuningdek, Magnus Karlsen, Fabiano Karuana, Arjun Erigaysi, Alireza Firuzja, Anish Giri, Gukesh Dommaraju, Vinsent Kaymer va Rameshbabu Pragnanandha ham nominatsiya qilingan.

Foto: Michal Walusza / FIDE

Sindarov, shuningdek, “Yil kashfiyoti” mukofotiga ham da’vogarlik qilmoqda. Bu nominatsiyada uning raqiblari Divya Deshmux, Yagiz Kaan Erdogmush, Faustino Oro, Gukesh Dommaraju, Anastasiya Gnatishin, Vinsent Kaymer, Volodar Murzin, Endi Vudvord va Chju Sziner bo‘ldi.

O‘zbekiston boshqa nominatsiyalarda ham taqdim etilgan. O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi eng yaxshi federatsiya unvoniga, mamlakat erkaklar terma jamoasi eng yaxshi jamoa mukofotiga, UzChess Cup esa doira tizimidagi eng yaxshi turnir nomiga da’vogarlar qatoriga kiritilgan.

Doira tizimidagi eng yaxshi turnir nominatsiyasining short-listiga, shuningdek, Biel Chess Festival, Cairns Cup, Grand Chess Tour, London Chess Classic, Norway Chess, Prague International Chess Festival, Sinquefield Cup, Tata Steel Chess Tournament va TePe Sigeman & Co Chess Tournament ham kiritilgan.

Keyingi bosqichda FIDE Excellence Awards ekspertlar hay’ati ovoz berish orqali barcha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblarni aniqlaydi.

Taqdirlash marosimi 2026-yil sentabr oyida Samarqandda FIDEning 46-Jahon shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda bo‘lib o‘tadi.

Source: www.gazeta.uz