Prezident Shavkat Mirziyoyev 16-iyul kuni videoselektor yig‘ilishida ijtimoiy reyestr tizimidagi jiddiy muammolarni ko‘tardi. Unga ko‘ra, 184 ta mahallada bir oy ichida fuqarolardan ijtimoiy reyestrga kiritish bo‘yicha kelgan 2 ming arizaning barchasi asossiz rad etilgan. Natijada ehtiyojmand oilalar ijtimoiy yordam olish, farzandlarini bog‘cha va to‘garaklarga berish kabi kafolatlangan xizmatlardan mahrum bo‘lgan.
Davlat rahbari joylarda ijtimoiy reyestrga kiritishni asossiz rad etish yoki sun’iy ravishda reyestrdan chiqarish holatlari uchrayotganini tanqid qildi. Eng ko‘p bunday holatlar Bo‘ston, Oltinko‘l, Xovos, Toshloq, Sharof Rashidov, Uchquduq va Dehqonobod tumanlarida qayd etilgan.
Shu sababli reyestrga kirish masalasida prezidentga murojaatlar yil boshidan 1,5 barobar oshib, 30 mingdan 46 mingga ko‘paygan. Bu tizimdagi ishonchsizlik va norozilikning keskin ortganidan dalolat beradi.
Yig‘ilishda Bosh prokuraturaga ijtimoiy reyestr to‘g‘ri yuritilishini qat’iy nazorat qilish topshirildi. Shuningdek, Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Shahnoza Mirziyoyevaga reyestr haqqoniyligi yuzasidan prezidentga muntazam axborot berib borish vazifasi yuklatildi.
Mutasaddilar oldiga yil yakunigacha nogironlikni erta aniqlash, xonadonlarni moslashtirish, ijtimoiy uyga joylashtirish kabi 25 turdagi xizmatni mahallaga tushirish vazifasi qo‘yildi. Uch oyda demensiya va aqliy zaifligi bo‘lgan shaxslar uchun 250 ta mahallada kunduzgi va uyda parvarish xizmati hamda “Madad” uylari, 75 ta mahallada o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar uchun “Faol hayot” dasturi, shuningdek, qarovsiz qolgan va zo‘ravonlikka uchragan bolalar uchun “Qo‘llab-quvvatlash markaz”lari tashkil etiladi.
Yig‘ilishda mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash masalasi ham muhokama qilindi. So‘nggi uch yilda kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 1162 ta mahallaning 571 tasida bu yil birorta jinoyat sodir etilmadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, bunga videokameralar o‘rnatilib, xavfsiz ko‘cha va yo‘laklar tashkil qilingani, aholi muammolari ilmiy asosda hal etilgani, oilalarga psixologik yordam ko‘rsatilgani natijasida erishilgan.
Namunali mahallalar tajribasi asosida jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha metodika ishlab chiqiladi. Yil davomida “qizil” va “sariq” toifadagi mahallalar profilaktika inspektorlari ushbu metodika bo‘yicha joyiga borib o‘qitiladi.
Namangan viloyatida profilaktika inspektorlariga yonkameralar berilib, planshetlariga integratsiya qilingan tajriba ijobiy natija bergan. Bu orqali fuqarolar shaxsini aniqlash, ma’muriy bayonnoma to‘ldirish va sudga material yuborish avtomatlashgan. Natijada profilaktika inspektorlarining ish yuklamasi qisqarib, ayrim mahallalarda jinoyatlar 10 tadan 5 taga kamaygan.
Mazkur tajribani yil yakunigacha Namangan viloyatida to‘liq, qolgan hududlarda esa kriminogen vaziyati og‘ir bo‘lgan 448 ta mahallada yo‘lga qo‘yish vazifasi belgilandi.
Source: www.gazeta.uz