17-19-iyul kunlari Toshkent metropolitenining yerusti halqa yo‘lida poyezdlar qisqartirilgan grafik asosida — soat 6:00 dan 22:30 gacha harakatlanadi, deb xabar berdi poytaxt metropoliteni ma’muriyati.
Ish grafigining o‘zgarishi bekatlarning texnik holatini qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkazish bilan bog‘liq. Ko‘rsatilgan kunlar davomida mutaxassislar yerusti halqa yo‘lining 14 ta bekatidagi konstruktiv va texnik holatni ko‘zdan kechiradi.
“Profilaktika tadbirlari metropoliten infratuzilmasining ishonchli ishlashini ta’minlash, uning hozirgi holatini yana bir bor chuqur tahlil qilish, shuningdek, yo‘lovchilar uchun yanada xavfsiz va qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan”, — deya qayd etdi metropoliten ma’muriyati.
16-iyul kuni yerusti yo‘lining “Turon” bekatida tom konstruksiyasining bir qismi qulab tushdi. Ikki nafar yo‘lovchi yengil jarohat oldi. Hodisa sabablarini aniqlash uchun komissiya tuzilgan.
Source: www.gazeta.uz