O‘zbekiston va Turkiya o‘zaro savdo hajmini 5 milliard dollarga yetkazish maqsadida imtiyozli savdo rejimiga kiruvchi tovarlar ro‘yxatini kengaytirish niyatida.
Tegishli kelishuvlar O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi Preferensial savdo kelishuvi bo‘yicha ishchi guruhi yig‘ilishi yakunlari bo‘yicha imzolangan protokolda mustahkamlangan, deya xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.
Yig‘ilish Turkiya Savdo vaziri o‘rinbosari Mustafo Tuzju boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston tomonini muzokaralarda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Akram Aliyev vakillik qildi.
“Tomonlar imtiyozli savdo rejimi qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatini teng asosda kengaytirishni ko‘rib chiqdilar va muzokaralarning uchinchi raundi yakunlari bo‘yicha o‘zaro tushunishga erishdilar”, deyiladi vazirlik xabarida.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha tomonlarning o‘zaro manfaatlarini hisobga olgan holda qo‘shimcha tovar pozitsiyalarini kiritish bo‘yicha kelishuvlarni mustahkamlovchi kelishilgan protokol imzolandi.
Vazirlikda ta’kidlanishicha, erishilgan qarorlar ikki tomonlama savdoni faollashtirish va eksport-import yetkazib berish hajmlarini oshirishga xizmat qiladi.
Source: kun.uz