Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Hafta boshidan buyon butun mamlakat bo‘ylab anormal issiq ob-havo kuzatilmoqda. Respublika tez tibbiy yordam markazi direktori Abduvoitjon G‘ofurov bunday ob-havo sharoitida tez yordam xizmati qanday ishlayotgani va nechta chaqiruv qabul qilingani haqida ma’lumot berdi.

Issiq havoda, ayniqsa, yurak-qon tomir va nafas olish tizimining surunkali kasalliklari, qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar, shuningdek, keksalar, homilador ayollar va bolalar himoyasiz hisoblanadi. Shuning uchun ularning sog‘lig‘ini kuzatish va kerak bo‘lganda o‘z vaqtida yordam ko‘rsatish juda muhim. Anormal issiq sharoitida surunkali kasalliklar kuchayishi mumkin, bu esa tez yordam xodimlarining mas’uliyatini oshiradi.

Respublika tez tibbiy yordam markazi ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 4 kunlik anormal issiq davrida respublika bo‘ylab “103” xizmatiga 166 726 chaqiruv kelib tushgan. Barcha murojaatlar belgilangan tartibda qabul qilinib, bemorlarga o‘z vaqtida tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Shunisi e’tiborliki, issiqqa qaramay, chaqiruvlar dinamikasi barqaror bo‘lib qoldi. Aholiga OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali anormal issiqda ehtiyot choralari haqida berilgan tavsiyalar tufayli, oldingi 4 kun (9-12 iyul) bilan solishtirganda murojaatlar sonida sezilarli o‘sish qayd etilmagan.

Mutaxassislar aholiga eng issiq soatlarda keraksiz ko‘chaga chiqmaslik, yetarli miqdorda suv ichish, yog‘li, qovurilgan va juda sho‘r taomlarni cheklab, oson hazm bo‘ladigan taomlar va sabzavotli salatlarga ustunlik berishni tavsiya qilmoqda.

Source: kun.uz