Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Axangaron tumanidagi maishiy chiqindilar poligonida 10 iyul kuni sodir bo‘lgan yong‘in natijasida atmosfera havosidagi zararli moddalar miqdori me’yordan 13 baravar oshib ketdi. Ekologiya qo‘mitasi xodimlari va ekologik politsiya 11-12 iyul kunlari Toshkentda havo ifloslanishi bo‘yicha tekshiruv o‘tkazdi.

Tekshiruv davomida aniqlanishicha, 10 iyul kuni Toshkent viloyati Axangaron tumanidagi qattiq maishiy chiqindilar poligonida chiqindilarni joylashtirish va ko‘mish ishlarining lozim darajada tashkil etilmaganligi sababli yong‘in kelib chiqqan. Poligon rahbari ma’muriy javobgarlikka tortilib, yong‘inni zudlik bilan o‘chirish to‘g‘risida ko‘rsatma berilgan.

Biroq qayta tekshiruvda ko‘rsatma bajarilmagani va yong‘in 11 iyulda ham davom etgani aniqlandi. Natijada poligon rahbari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 91-moddasi 2-qismiga asosan qayta jarimaga tortildi.

Laboratoriya tahlillari atmosfera havosida ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada oshganini ko‘rsatdi: uglerod oksidi – 10,7 baravar, formaldegid – 12,2 baravar, azot dioksidi – 12,8 baravar, oltingugurt dioksidi – 9 baravar, vodorod sulfidi – 1,5 baravar me’yordan yuqori.

Tahlillar asosida «Maxsustrans» davlat unitar korxonasiga atmosfera havosiga yetkazilgan zarar uchun 683 million 870 ming so‘m miqdorida kompensatsiya to‘lovi hisoblab chiqildi. Tegishli hujjatlar sud organlariga yuborish uchun tayyorlanmoqda.

Ekologiya qo‘mitasi ta’kidlashicha, ushbu poligon qurilishi 2021-yilda boshlangan, biroq hali rasman foydalanishga topshirilmagan. Shunga qaramay, 2025-yil may oyidan boshlab Toshkentdan maishiy chiqindilar aynan shu poligonga olib kelinmoqda.

Source: kun.uz