O‘zbekiston aholi jon boshiga mahbuslar soni bo‘yicha dunyoning 224 mamlakati orasida 166-o‘rinni egalladi. Tadqiqotga ko‘ra, mamlakatda har 100 ming kishiga 85 mahbus to‘g‘ri keladi.
Reytingni London universitetining Birkbek kolleji qoshidagi Jinoyatchilik va adliya siyosati tadqiqotlari instituti (ICPR) tayyorlagan. U World Prison Brief 2025 yillik tadqiqoti maʼlumotlariga asoslangan bo‘lib, har 100 ming aholiga to‘g‘ri keladigan mahbuslar sonini baholaydi va yiliga bir marta yangilanadi.
Metodologiyaga ko‘ra, mahbuslar qatoriga davlat organlari qarori bilan – hibsga olish, qamoqqa olish yoki sud hukmi munosabati bilan qamoqxona va boshqa jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar kiradi. Maʼmuriy qamoqda bo‘lgan shaxslar hisobga olinmaydi.
MDH davlatlari orasida O‘zbekiston eng past ko‘rsatkichlardan birini namoyish etadi. Turkmanistonda har 100 ming kishiga 576 mahbus to‘g‘ri keladi (dunyoda 4-o‘rin), Rossiyada – 300 (35-o‘rin), Qozog‘istonda – 163, Tojikistonda – 145, Qirg‘izistonda – 112. O‘zbekistondan pastda faqat Armaniston joylashgan – 83 mahbus.
Reytingda birinchi o‘rinni Salvador egallagan – har 100 ming kishiga 1659 mahbus. Keyingi o‘rinlarda Kuba (794) va Ruanda (620) turadi.
Reyting BMTga aʼzo davlatlar va alohida maqomga ega hududlarni – jami 224 pozitsiyani qamrab oladi. Somal, Eritreya va Shimoliy Koreya kabi baʼzi davlatlar rasmiy statistika yo‘qligi sababli tadqiqotga kiritilmagan.
Source: podrobno.uz