Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Farg‘ona shahrida chaqalog‘ini sotishga uringan er-xotinga nisbatan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Zo‘r TV telekanalining “Bu kun” dasturida xabar berildi.

Sud materiallariga ko‘ra, er-xotin Qo‘qon shahrida tug‘ilgan bo‘lib, shar’iy nikoh asosida birga yashab kelgan. Ular 2025-yil oktabrida o‘g‘il farzandli bo‘lgan.

Reportajda keltirilishicha, voqeadan bir muddat avval er Farg‘ona shahriga ishlash uchun kelgan. Keyinchalik rafiqasi va chaqalog‘ini ham o‘zi bilan olib kelgan.

Sudda so‘roq qilingan ayolning aytishicha, u moddiy qiyinchiliklar va oilaviy kelishmovchiliklar sabab farzandini boshqa shaxsga berishga rozi bo‘lgan. “O‘sha vaqtda dadam bilan tortishib qolgan vaqtim bo‘lgan. „Uyingdan bolang bilan chiqib ket“ degan, qattiq janjal bo‘lgan. O‘shanda men o‘g‘lim bilan chiqib ketganman”, — dedi sudlanuvchi ayol.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avval taklifni rad etgan, keyin esa “bola yaxshi sharoitda yashaydi” degan vaj bilan rozilik bildirgan.

Ayol olinadigan pulni qarzlarini yopish va Turkiyaga ishlash uchun ketish maqsadida sarflamoqchi bo‘lgan. “Qarzlarimni to‘lamoqchi edim. Men Turkiyaga borib, ayam bilan ishlab, o‘zimga bitta uy qurmoqchi edim. Bizneslarim bor edi-da. Ana shunga ishlatmoqchi edim”, — dedi u.

U sudda turmush o‘rtog‘i bilan bu masala muhokama qilinganini ham aytgan. “Mayli, senga kerak bo‘lsa. Keyin orani uzamiz, ajrashamiz degan”, — dedi ayol.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi ishni ko‘rib chiqib, har ikki sudlanuvchini Jinoyat kodeksining 135-moddasi (Odam savdosi) tegishli qismi bilan aybdor deb topdi va ularning har biriga 5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.

Sud shuningdek, chaqaloq taqdiri yuzasidan tegishli qaror qabul qilib, uning himoyasi Qo‘qon shahar Inson ijtimoiy himoya agentligi hamda shahar hokimligining bolalarni himoya qilish bo‘limi zimmasiga yuklatilishini belgiladi.

Reportajda chaqaloqning aniq yoshi va uni berish evaziga olinishi rejalashtirilgan mablag‘ miqdoriga aniqlik kiritilmagan.

Avvalroq Buxoroda 18 yoshli qiz o‘zining uch kunlik chaqalog‘ini 4000 dollarga sotmoqchi bo‘lganida ushlangandi.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq 177 ta holat kuzatilgan. Bugungi kunda odam savdosining asosan, uchta: shahvoniy ekspluatatsiya, mehnat ekspluatatsiyasi va chaqaloq savdosi turlari dolzarb hisoblanadi. 2026-yilning yanvar-mart oylarida odam savdosi bilan bog‘liq 57 ta holat aniqlangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili O‘zbekistonda odam savdosi uchun jazo choralari kuchaytirilgan edi. Xususan, odam savdosi jinoyatini qalbaki hujjatlardan foydalangan holda sodir etish 5 yildan 10 yilgacha (avval 5 yildan 8 yilgacha edi) ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Jinoyat jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lsa, ayblanuvchini 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangandi.

Source: www.gazeta.uz