Turizm qo‘mitasi Prezident qarori loyihasini ishlab chiqdi, unda yozgi davrda turistik sohaning ish grafigini o‘zgartirish taklif qilinmoqda.
Xususan, hujjatda “siesta” tizimini joriy etish ko‘rib chiqilmoqda, bu issiq oylarda sayyohlar uchun diqqatga sazovor joylarni ziyorat qilishni qulayroq qilishi kerak.
Pilot loyihani 1 iyundan 31 avgustgacha Toshkent, Samarqand, Buxoro va Xivada ishga tushirish rejalashtirilgan. Yangi qoidalar mehmonxonalar, yotoqxonalar, mehmon uylari, muzeylar, tarixiy ob’ektlar, restoranlar, kafelar, tur operatorlari va boshqa turistik maydonchalarga taalluqli bo‘lishi mumkin.
Taklifga ko‘ra, turistik infratuzilma ishi uch davrga bo‘linadi: 07:00 dan 13:00 gacha – ertalabki ish rejimi; 13:00 dan 17:00 gacha – “siesta” vaqti, eng issiq soatlarda tanaffus qilish taklif etiladi; 17:00 dan 23:00 gacha – kechki ish rejimi.
Kunduzgi tanaffus vaqtida turistik ob’ektlar tashrif buyuruvchilar uchun qulay sharoitlarni saqlab qolishi kerak: konditsionerlar ishlashini ta’minlash, zarur xodimlarni qoldirish va mehmonlarga xizmat ko‘rsatishni davom ettirish.
Loyihada yangi grafikga o‘tish xodimlarning ish haqi pasayishiga yoki mehnat sharoitlarining yomonlashishiga olib kelmasligi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Shuningdek, kechki turizmni rivojlantirish taklif etilmoqda: “Tungi muzey” va “Kechki ekskursiya” dasturlarini ishga tushirish, kafe va restoranlarda yozgi menyular tayyorlash, shuningdek, kechki vaqtda ko‘proq madaniy, gastronomik va ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazish.
Bundan tashqari, jamoat transporti, yoritish va turistik zonalarni obodonlashtirish ishlarini yangi rejimga moslashtirish rejalashtirilgan.
2026-yil 1-noyabrgacha Turizm qo‘mitasi pilot loyiha natijalarini baholab, uni keyingi qo‘llash bo‘yicha takliflar taqdim etishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz