Turizm qo‘mitasi tomonidan jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingan hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, xorijiy turoperatorlarga O‘zbekiston fuqarolariga xorijiy turpaketlarni faqat mahalliy litsenziyalangan turoperator yoki mamlakatda ro‘yxatdan o‘tgan va litsenziya olgan o‘zining yuridik shaxsi orqali sotishga ruxsat berish taklif etilmoqda.
Hujjatda xorijiy sayyohlik kompaniyasi O‘zbekiston bozorida ikki variantdan birini tanlashi mumkin: chiqish turizmi bilan shug‘ullanish huquqiga ega mahalliy turoperator bilan shartnoma tuzish yoki O‘zbekistonda o‘z yuridik shaxsini ochib, turoperatorlik faoliyati uchun litsenziya olish.
Turagentlarga mahalliy litsenziyalangan turoperator ishtirokisiz xorijiy operatorlarning turpaketlarini bevosita sotish taqiqlanishi taklif qilinmoqda. Cheklov saytlar, ijtimoiy tarmoqlar, mobil ilovalar, onlayn to‘lov tizimlari va boshqa kanallar orqali amalga oshiriladigan sotuvlarga ham tatbiq etiladi.
Agar turagent ushbu talabni buzsa, u tomonidan sotilgan turpaket Milliy turistik platformada ro‘yxatdan o‘tmagan deb hisoblanadi va kompaniyaga nisbatan qonunchilikda nazarda tutilgan ta’sir choralari qo‘llanilishi mumkin.
Shartnoma bo‘yicha majburiyatlarning bajarilishi yuzasidan turist oldidagi javobgarlikni mahalliy litsenziyalangan turoperator yoki xorijiy kompaniyaning O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxsi o‘z zimmasiga oladi.
Loyihada mahalliy operator turpaketni Milliy turistik platformada ro‘yxatdan o‘tkazish, kafolat yig‘imini to‘lash va turistga elektron turkod berish uchun ham javobgar bo‘lishi nazarda tutilgan.
Eslatib o‘tamiz, loyiha doirasida “Xavfsiz turizm” jamg‘armasini tashkil etish taklif qilinmoqda. Ushbu jamg‘armadan sayohatchilarga yetkazilgan zararni qoplash va ularni xorijdan evakuatsiya qilish xarajatlari moliyalashtiriladi. Turoperatorlar litsenziya olishi uchun jamg‘armada kamida 50 ming dollar zaxira qilib qo‘yishi talab etiladi, shuningdek, sotilgan har bir turpaketdan kafolat yig‘imi to‘lanadi.
Xorijiy turpaketni xarid qilayotgan har bir turistga unikal elektron turkod berish taklif etilmoqda. Ushbu kod sayohatning Milliy turistik platformada ro‘yxatdan o‘tkazilganini, kafolat yig‘imi to‘langanini hamda turist favqulodda vaziyatlar uchun mo‘ljallangan himoya tizimiga kiritilganini tasdiqlaydi.
Source: www.gazeta.uz