O‘zbekiston, Toshkent – Podrobno.uz. Turizm qo‘mitasi tomonidan e’lon qilingan hukumat qarori loyihasiga ko‘ra, chiqish turizmi sohasida faoliyat yurituvchi turoperator va turagentlar litsenziya olishda maxsus fondga kamida 50 ming AQSh dollari miqdorida mablag‘ zaxiralashlari shart bo‘ladi.
Loyihada belgilanishicha, mablag‘larni zaxiralash litsenziya olishning majburiy sharti hisoblanadi. Kompaniyalar zaxira mablag‘lari miqdorini belgilangan darajadan past bo‘lmasligini ta’minlashlari kerak.
Fond mablag‘lari xizmatlar lozim darajada ko‘rsatilmagani sababli zarar ko‘rgan sayyohlarga moddiy zararni qoplash, shuningdek, fuqarolarni vaqtincha joylashtirish, oziq-ovqat, transport, aloqa bilan ta’minlash, evakuatsiya qilish va O‘zbekistonga qaytarish xarajatlarini qoplash uchun yo‘naltiriladi.
Zaxira mablag‘laridan tashqari, fond har bir sotilgan turistik mahsulot uchun maqsadli kafolat yig‘imi, litsenziyalash sohasidagi qonunbuzarliklar uchun jarimalarning bir qismi, xayriyalar, banklardagi vaqtincha bo‘sh mablag‘larni joylashtirishdan olingan daromadlar, xalqaro grantlar va qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan to‘ldiriladi.
Maqsadli kafolat yig‘imi har bir sayyoh uchun bazaviy hisoblash miqdorining 0,15 foizini tashkil qiladi. Yig‘im Milliy turistik platforma orqali turistik kod shakllantirilgunga qadar o‘tkaziladi. U mavjud bo‘lmaganda, turistik mahsulot fondning kafolat himoyasi tizimiga kiritilmaydi.
Hozirda qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tmoqda. Hujjat bo‘yicha taklif va mulohazalar 30-iyulgacha yuborilishi mumkin.
Source: podrobno.uz