Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyati jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida “Rayxon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi Odilxon Ismoilov va boshqalarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Sud hukmiga ko‘ra, Odilxon Ismoilov bilan jami 7 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining bir qator moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topildi.

Namangan viloyatida tug‘ilgan 49 yoshli Odilxon Ismoilovga 8 yil (Jinoyat kodeksining 62-moddasiga asosan 7 yil 11 oy 28 kun) muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Qolgan 6 nafar sudlanuvchi jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib turli muddatlarga qamaldi. Jinoyat ishi doirasida yetkazilgan moddiy zarar sudlanuvchilardan solidar tartibda undirilishi belgilandi.

Oliy sud birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Namangan viloyat sudining apellyatsiya/kassatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligini eslatib o‘tdi.

Odilxon Ismoilov 2010-yildan Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari bo‘lgan. 2011-yildan 2018-yil iyuligacha Shayxontohur tumani bosh imom xatibi va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom xatibi bo‘lib ishlagan. 2018-yil iyulda esa Musulmonlar idorasi Ismoilov “tasdiqlanmagan xabarlarni internet orqali tarqatgani va bemorligi vajidan vazifani uddalay olmayotgani sababli” ishdan olinganini ma’lum qilgan.

U 2019-yildan boshlab “Vaqf” xayriya jamoat fondida faoliyat yuritgan. 2019-yil fevralida Ismoilov Shayxontohur tumani “Xo‘ja Alambardor” masjidiga imom-xatib etib tayinlangan. 2019-yilning sentabrida esa sog‘ligidagi muammolar tufayli o‘z xohishiga ko‘ra lavozimidan ozod etilgan.

Source: www.gazeta.uz