Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Iqtisodchi Mirkomil Xolboyev hukumatning makroiqtisodiy prognozlari asosida 2026−2029-yillarda AQSh dollarining so‘mga nisbatan o‘rtacha yillik kursini hisoblab chiqdi. Unga ko‘ra, 2026-yilda o‘rtacha kurs 11 987 so‘mni tashkil etishi, 2029-yilga borib esa 12 554 so‘mga yetishi mumkin.

Hisob-kitoblar Iqtisodiyot va moliya vazirligining 2027−2029-yillarga mo‘ljallangan fiskal strategiya parametrlariga asoslangan. Xolboyevning ta’kidlashicha, ushbu hujjat yaqin yillarda so‘m kursi nisbatan barqaror qolishini ko‘rsatmoqda.

Iqtisodchi o‘rtacha kursni YIMning so‘mdagi prognozlari, aholi jon boshiga dollardagi YIM va aholi soni prognozlaridan foydalanib hisoblagan. Aholi soni bo‘yicha rasmiy prognozlar e’lon qilinmaganligi sababli, u yillik o‘sishni 2025-yil darajasida — taxminan 1,8 foiz deb qabul qilgan.

Aholini ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra aholining 810 ming kishiga oshganini hisobga olgan holda, 2026-yilda o‘rtacha kurs 11 987 so‘m bo‘lishi mumkin. Bu 2025-yilga nisbatan 4,4 foizga mustahkamlanishni anglatadi.

2027-yilda so‘m 1,2 foizga, 2028-yilda 2,8 foizga va 2029-yilda 1,5 foizga qadrsizlanishi kutilmoqda. Natijada 2029-yilda o‘rtacha kurs 12 554 so‘mga yetadi.

Iqtisodchi gap yil davomidagi o‘rtacha kurs haqida ketayotganini, davr oxiridagi kurs emasligini alohida ta’kidladi. Masalan, 2025-yil yakunida dollar kursi 12 025 so‘mgacha mustahkamlangan bo‘lsa-da, o‘rtacha kurs 12 581 so‘mni tashkil etgan.

Hisob-kitoblarning aholi soni prognoziga sezuvchanligi ham baholangan. Agar yillik o‘sish 1,5 foizni tashkil etsa, 2029-yilda o‘rtacha kurs 12 704 so‘mga yetadi — bu bazaviy hisobdan atigi 1,1 foizga yuqori.

Eslatib o‘tamiz, Iqtisodiyot va moliya vazirligi 2025-yilda o‘rtacha kurs 13 250 so‘m bo‘lishini prognoz qilgan edi, ammo amaldagi ko‘rsatkich 12 576 so‘mni tashkil etdi.

Source: www.gazeta.uz