Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan Mingtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan qazishmalar davomida milodiy VIII asrga oid ehtimoliy hukmdorlar saroyining me’moriy qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar qildi.
Arxeologik qazishma ishlari Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Amriddin Berdimurodov, Husniddin Rahmonov va Nigora Mahkamovalar tomonidan olib borilmoqda.
Qazishmalar natijasida yodgorlikning Ark (qal'a) qismida joylashgan, milodiy VIII asrning birinchi yarmiga mansub saroy majmuasining me’moriy tuzilishi ochib berildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inshootning qurilish uslubi ilk o‘rta asrlar davri shaharsozligi, me’morchiligi hamda davlat boshqaruvi tizimini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi.
Shuningdek, qazishmalar davomida saroyning zal qismidan VIII asrga oid haykaltaroshlik namunalari ham topilgan. Hozirda ular yuzasidan ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Arxeologlar qayd etishicha, ushbu topilmalar Mingtepa yodgorligining siyosiy va madaniy hayoti, shuningdek, ilk o‘rta asrlarda hududning tarixiy taraqqiyoti haqida yangi ilmiy xulosalar chiqarishga xizmat qiladi.
Avvalroq Samarqand viloyatidagi Quldortepa yodgorligida ilk o‘rta asrlarga oid devoriy suratlar, Xitoyning Xan sulolasi davrida ishlab chiqarilgan oyna va Sug‘d hukmdori Ukkurt Chamukka tegishli tangalar topilgan edi.
Source: www.gazeta.uz