Ijtimoiy tarmoqlarda «Moviy gumbaz» kafesida – madaniy meros obyektida noqonuniy ta’mirlash ishlari olib borilayotgani haqida ma’lumot tarqaldi. Madaniy meros agentligi ushbu holatga munosabat bildirdi.
Agentlik vakillari 20-iyul kuni soat 22:00 atrofida joyga borib, tekshiruv o‘tkazdi. Aniqlanishicha, obyekt tomida vakolatli organlar bilan kelishilmagan holda ta’mirlash ishlari amalga oshirilayotgan edi. Agentlik xodimlari ushbu ishlarni to‘xtatish choralarini ko‘rdi.
Obyekt rahbariyatiga madaniy meros obyektlarida har qanday ta’mirlash, restavratsiya yoki boshqa qurilish ishlari faqat tegishli ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi mumkinligi tushuntirildi. Shuningdek, qonunchilik talablariga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Agentlik «Moviy gumbaz» kafesi O‘zbekiston Respublikasi ko‘chmas mulk madaniy merosi milliy reyestriga kiritilgani va modernizm me’morchiligi namunasi sifatida davlat muhofazasida ekanligini eslatdi.
Source: uznews.uz