Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Fitch Ratings xalqaro kredit agentligi “Hududiy elektr tarmoqlari” davlat energetika kompaniyasining “BB” darajasidagi reytingini ijobiy prognoz bilan tasdiqladi. Kompaniya reytingi O‘zbekistonning suveren reytingiga tenglashtirilgan, chunki uning qarzlarining deyarli barchasi davlat tomonidan berilgan yoki davlat kafolatlari bilan ta’minlangan.

Shu bilan birga, kompaniyaning mustaqil kredit profili ancha past — “ccc” darajasida qolmoqda. Agentlik buni pul oqimining zaifligi, xarajatlarni to‘liq qoplamaydigan tariflar, noshaffof tartibga solish tizimi va yetarli bo‘lmagan likvidlik bilan izohlaydi.

Fitch ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oxiri holatiga “Hududiy elektr tarmoqlari” qarzining 90 foizdan ortig‘i davlat kafolatlari bilan ta’minlangan. Agentlik bunday majburiyatlar qatoriga Iqtisodiyot va moliya vazirligi kompaniyaga kredit sifatida taqdim etadigan xalqaro moliya institutlari mablag‘larini ham kiritadi. Agar davlat kafolati bilan ta’minlangan qarz ulushi 75 foizdan pastga tushsa, kompaniya reytingi suveren reytingdan ikki pog‘ona past darajada belgilanishi mumkin.

2025-yilda kompaniya yuqori kuchlanishli podstansiyalar va elektr uzatish liniyalarini hech qanday pul yoki boshqa kompensatsiyasiz davlatga qarashli magistral tarmoqlar operatori — “Milliy elektr tarmoqlari”ga topshirdi. Buning natijasida “Hududiy elektr tarmoqlari”ning asosiy vositalari qiymati yil yakunlariga ko‘ra 11 foizga qisqardi, xususiy kapitali esa manfiy ko‘rsatkichga aylandi. Hozirda kompaniya hukumat bilan topshirilgan aktivlar bilan bog‘liq qarzning bir qismini o‘z balansidan chiqarish imkoniyatini muhokama qilmoqda.

Fitch ushbu operatsiyani korporativ boshqaruvdagi ayrim kamchiliklar belgisi sifatida baholaydi, biroq u kredit profilining jiddiy yomonlashuviga olib kelmagan. Milliy investitsiya jamg‘armasi orqali kompaniyaning davlatga tegishli 40 foiz ulushini boshqaruvchi Franklin Templeton uning moliyaviy barqarorligini tiklash va moliyalashtirishni bosqichma-bosqich mustaqil jalb qilishga o‘tish rejasini taklif qildi.

Rejada iqtisodiy jihatdan asoslangan tariflarga o‘tish, uzoq muddatli tarif modelini ishlab chiqish, elektr energiyasi yo‘qotishlarini qisqartirish, to‘lovlar yig‘imini yaxshilash, korporativ boshqaruvni kuchaytirish va davlatning vaziyatga qarab ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatloviga qaramlikni kamaytirish nazarda tutilgan. Fitch bahosiga ko‘ra, ushbu choralarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi kompaniyaning mustaqil kredit profilini bir necha pog‘onaga oshirishi mumkin. Biroq agentlik yaqin istiqbolda bunday natijani kutmayapti.

“Hududiy elektr tarmoqlari” daromadlarining deyarli barchasi va xarajatlarining taxminan 90 foizi davlat tomonidan tartibga solinadi. Shuning uchun kompaniyaning moliyaviy ko‘rsatkichlari tariflarga oid qarorlarga bevosita bog‘liq. 2026-yil iyun oyida aholi uchun elektr energiyasi tariflari iste’mol hajmiga qarab 8−13 foizga, yirik korxonalar uchun esa 10 foizga oshirildi. Biroq kompaniya elektr energiyasini xarid qiladigan tarif hali mos ravishda oshirilmagan.

Shu sababli, Fitch qayd etishicha, kompaniyaning pul oqimini prognoz qilish juda qiyin. 2021−2025-yillarda EBITDA bo‘yicha o‘rtacha rentabellik taxminan 4 foizni tashkil etgan, biroq yildan yilga sezilarli darajada o‘zgarib turgan. Amaldagi tartibga solish tizimi saqlansa, foydalilik past va beqaror bo‘lib qolishi kutilmoqda. Agentlik, shuningdek, tariflarga oid qarorlarning qisqa muddatli ekani, shaffoflikning cheklangani, aniq uzoq muddatli modelning mavjud emasligi, pul tushumlarining qo‘lda taqsimlanishi va narxlarni belgilashdagi siyosiy xavflarga ham e’tibor qaratgan.

2024-yilda kompaniya o‘z filiallari doirasida elektr energiyasini taqsimlash va sotish funksiyalarini ajratdi. Biroq sotuv faoliyatini alohida yuridik shaxsga ajratish muddati va shartlari hozircha belgilanmagan. “Hududiy elektr tarmoqlari”ning daromadlari so‘mda shakllanadi, qarzining katta qismi esa xorijiy valyutada nominallashtirilgan. 2024-yil oxiri holatiga qarzning 46 foizi dollar va yevroda, yana 14 foizi Rossiya rublida bo‘lgan. O‘zbekistonda valyuta xavflaridan himoyalanish imkoniyatlari cheklanganligicha qolmoqda. Fitch 2026−2028-yillarda so‘mning dollarga nisbatan har yili o‘rtacha taxminan 2 foizga arzonlashishini kutmoqda.

2025-yil oxiri holatiga kompaniyaning pul mablag‘lari 600 mlrd so‘mni tashkil etgan, qisqa muddatli qarzi esa 2,3 trln so‘mga yetgan. Fitch kompaniyaning mustaqil likvidligi zaifligicha qolishini kutmoqda. Ehtimol, “Hududiy elektr tarmoqlari” davlat va davlat banklari kreditlarini yana uzaytirishga yoki affillangan kreditorlar bilan to‘lov muddatini kechiktirish bo‘yicha kelishishga majbur bo‘ladi. Kompaniya qarzining deyarli barchasi davlat tomonidan berilgan yoki davlat kafolati bilan ta’minlangan kreditlardan iborat. Qolgan qismi davlatga qarashli “O‘zsanoatqurilishbank” hissasiga to‘g‘ri keladi.

Agentlik davlat kompaniyani kapital xarajatlar uchun budjet subsidiyalari, imtiyozli kreditlar, investitsiya qarzlari bo‘yicha kafolatlar va qayta moliyalashtirishning qulay shartlari orqali qo‘llab-quvvatlashda davom etishiga ishonmoqda. Fitchning bazaviy ssenariysida “Hududiy elektr tarmoqlari”ning 2025−2028-yillardagi kapital xarajatlari taxminan 470 mln dollar etib belgilangan. Bu davrda dividendlar to‘lanishi kutilmayapti.

Agentlik, shuningdek, 2027−2028-yillarda aholi uchun tariflar taxminan inflyatsiya darajasida, yuridik shaxslar uchun esa biroz sekinroq sur’atlarda oshishini taxmin qilmoqda. Elektr energiyasini xarid qilish tariflari esa chakana tariflarning o‘rtacha dinamikasiga mos ravishda oshirilishi kutilmoqda. Davlat kafolatlari qarzning 75 foizdan ortig‘ini qamrab olgan holda O‘zbekistonning suveren reytingi oshirilishi kompaniya reytingi oshishiga olib kelishi mumkin. Shuningdek, shaffof ko‘p yillik tariflar joriy etilishi, likvidlikning yaxshilanishi va qarz yukining barqaror pasayishi ham uning mustaqil kredit profili uchun ijobiy omil bo‘ladi.

Aksincha, O‘zbekistonning suveren reytingi pasayishi yoki davlat kafolati bilan ta’minlangan qarz ulushi 75 foizdan pastga tushishi “Hududiy elektr tarmoqlari” reytingi yomonlashishiga olib kelishi mumkin. 2025-yil yakunlariga ko‘ra “Hududiy elektr tarmoqlari”ning tushumi 5,3 foizga oshib, 50,3 trln so‘mga yetdi. Kompaniya bir yil avvalgi 1,12 trln so‘m zarar o‘rniga 431,7 mlrd so‘m sof foyda oldi, operatsion foydasi esa 44 mlrd so‘m zarardan 2,7 trln so‘mga yetdi.

Shu bilan birga, kompaniyaning moliyaviy ahvoli murakkabligicha qolmoqda. Aktivlari 8,4 foizga qisqarib, 27,1 trln so‘mni tashkil etdi, majburiyatlari 27,4 trln so‘mgacha oshdi, kapitali esa 2024-yil oxiridagi 4,22 trln so‘mlik ijobiy ko‘rsatkichdan manfiy 387,9 mlrd so‘mga tushdi. Bunga yuqori kuchlanishli podstansiyalar va boshqa aktivlarning “Milliy elektr tarmoqlari”ga balans qiymatidan ancha past narxda topshirilgani asosiy sabab bo‘ldi.

Source: www.gazeta.uz