Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Seshanba kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda davlat rahbari olti oy yakunlari bo‘yicha sanoat va eksport ko‘rsatkichlarini tanqidiy tahlil qildi.

Birinchi chorakda sanoat rejasini bajarmagan 13 tuman hokimi, shuningdek, eksportni pasaytirgan 15 tuman hokimi ishdan bo‘shatilgan edi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ko‘pchilik rahbarlar xulosa chiqarib, olti oylik prognoz ko‘rsatkichlarini bajargan. Biroq ayrim tuman va shaharlarda sanoat o‘sish sur’atlari pasaygan.

Masalan, Yangiobod tumanida sanoat o‘sishi prognoz qilingan 5,7% o‘rniga atigi 1,8% ni tashkil etdi. Gazg‘an shahri, Muzrabot, Qiziriq va Oltiariq tumanlarida ham o‘sish sur’atlari pasaygan.

Shavkat Mirziyoyev eksport yo‘nalishida ham bir qator tuman va shaharlarda hech qanday o‘zgarish bo‘lmaganini ta’kidladi. Xususan, Kasbi, Denov va Toshkent tumanlari, Jizzax shahri, Paxtaobod tumani, Navoiy shahri, Jomboy, Toyloq, Bandixon, Mirzacho‘l va Yozyovon tumanlari, shuningdek, Toshkentning Bektemir tumanidagi zaif ish tanqid qilindi.

Bosh vazirga ushbu 17 hokimning egallab turgan lavozimlariga muvofiqligini bugunoq ko‘rib chiqish topshirildi.

«Agar to‘qqiz oy yakunlari bo‘yicha o‘zgarishlar bo‘lmasa, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlariga nisbatan ham qattiq choralar ko‘riladi», — dedi prezident.

Source: uznews.uz