Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand viloyatidagi Mingtepa qo‘rg‘onida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar davomida VIII asrga oid, taxminan hukmdorlarning saroy majmuasiga tegishli bo‘lgan me’moriy qoldiqlar aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniy meros agentligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qazishma ishlari Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari — Amriddin Berdimurodov, Xusniddin Rahmonov va Nigora Mahkamova tomonidan amalga oshirildi.

Qazishmalar natijasida qo‘rg‘onning ark qismida joylashgan va milodiy VIII asrning birinchi yarmiga oid saroy majmuasining me’moriy tuzilishi ochib berildi.

Mutaxassislarning fikricha, majmuaning qurilish texnikasi va me’moriy yechimining o‘ziga xos xususiyatlari ilk o‘rta asrlar shaharsozligi, me’morchiligi va davlat boshqaruvi tizimini o‘rganish uchun muhim ilmiy manba hisoblanadi.

Bundan tashqari, saroyning zal qismida VIII asrga oid haykaltaroshlik namunalari topildi.

Arxeologlarning fikricha, ushbu topilmalar Mingtepa qo‘rg‘onining siyosiy va madaniy hayoti, shuningdek, mintaqaning ilk o‘rta asrlardagi rivojlanishi haqida yangi ilmiy ma’lumotlar olish imkonini beradi.

Ma’lumot uchun: Mingtepa arxeologik yodgorligi Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan. Arxeologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘rg‘on milodiy V asrdan VIII asr o‘rtalarigacha mavjud bo‘lgan va qadimgi So‘g‘dning yirik shaharlaridan biri bo‘lgan. So‘nggi yillarda tadqiqotchilar Mingtepa Xitoy tarixiy manbalarida tilga olingan qadimgi Kabudan shahri bo‘lishi mumkin degan xulosaga kelishgan.

Source: uznews.uz