Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda xorijiy tashriflar davomida erishilgan investitsiya kelishuvlari ijrosi ustidan nazorat hamda ayrim diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tanqid qildi.

Davlat rahbari so‘nggi yillarda oliy darajadagi 52 ta xorijiy tashrif doirasida umumiy qiymati 213 mlrd dollarlik 1617 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini, ammo ularning amalga oshirilishi yetarli darajada nazorat qilinmayotganini ta’kidladi.

Endi mazkur “yo‘l xaritalari” ijrosini yuritish Hisob palatasi va Tashqi ishlar vazirligi zimmasiga yuklanadi. Bosh vazir Abdulla Aripovga har hafta tarmoq rahbarlari, hokimlar va elchilar bilan birgalikda har bir mamlakat va har bir loyiha kesimida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qilib borish topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev xorijdagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari faoliyati yuzasidan ham qator e’tirozlarini bildirdi. O‘zbekistonning Belarusdagi elchisi Rahmatulla Nazarov investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga “loqayd munosabat” bildirgani uchun lavozimidan ozod etildi. U bu lavozimda 2024-yil fevraldan buyon ishlab kelayotgan edi.

Prezident Fransiya, Avstriya, Ispaniya, Italiya, Ummon, Indoneziya, Malayziya va Singapurdagi elchilar faoliyati ham yetarli emasligini ta’kidladi. Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyevaga iqtisodiy diplomatiya, investitsiyalarni jalb qilish va eksportni rag‘batlantirish yo‘nalishida xorijdagi diplomatik vakolatxonalar faoliyatini tahlil qiluvchi komissiya tuzish topshirildi.

Tahlil yakunlari bo‘yicha o‘z vazifasini samarali bajarmayotgan xodimlarni zamonaviy fikrlaydigan yosh kadrlar bilan almashtirish yuzasidan takliflar kiritilishi belgilandi. Shuningdek, prezident 2026-yil yanvar oyida Yevropaga eksport hajmi 2,3 mlrd dollarga yetganini qayd etgan, biroq ayrim bozorlarda o‘zbek mahsulotlari brendini targ‘ib qilishda elchilar faolligi yetarli emasligini tanqid qilgan edi. Istiqbolli bozorlar sifatida Iroq, Fransiya va Afrika mamlakatlari ko‘rsatilgan.

Source: www.gazeta.uz