Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish natijalarini e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekistondagi yirik shoxli qoramollarning haqiqiy soni avval e’lon qilingan ma’lumotlardan 2,1 million boshga kam – 12,23 million boshni tashkil etgan. Qo‘y va echkilar soni esa 1,5 million boshga kamayib, qo‘ylar 20,3 million, echkilar 2,8 million bosh etib qayd etilgan.
Yig‘ilishda inflyatsiyani jilovlash uchun bozorda tovar va xizmatlar taklifini ko‘paytirish zarurligi ta’kidlandi. Aprel-iyun oylarida go‘sht narxi 6-8 foizga oshgan. Import qilinadigan go‘shtni havo transporti orqali yetkazib berish xarajatlarini qoplash uchun 300 milliard so‘m ajratildi.
Viloyatlar hokimlari yanvar-iyun oylarida inflyatsiyani 3 foizdan oshirmaslikni rejalashtirgan edi, biroq Samarqand viloyatidan tashqari hech bir hudud bu vazifani bajara olmadi. Toshkent shahri va Toshkent viloyati tadbirkorlari samolyotlar orqali 1300 tonna go‘sht import qilgan bo‘lsa, boshqa hududlar yetarlicha tashabbus ko‘rsatmagan.
Prezident hokimlar va mas’ul idoralarga har bir hudud bo‘yicha go‘sht balansini qayta ko‘rib chiqish va import rejasini muddatlar, yetkazib beruvchi davlatlar va zarur hajmlar kesimida ishlab chiqishni topshirdi.
Qashqadaryo viloyatida yirik shoxli qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar esa 288 ming boshga kam ekani aniqlangan. Bu bozorga 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut kamroq yetkazib berilishiga olib kelishi mumkin.
May oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan chorvachilik loyihalari uchun 1 trillion so‘m ajratilgan edi. Endi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan qo‘shimcha 50 million dollar yo‘naltiriladi. Ushbu mablag‘lar hisobidan yillik 10% stavkada 10 yil muddatga, shu jumladan 4 yillik imtiyozli davr bilan kreditlar ajratiladi. Chorvachilik majmualarini tashkil etish uchun 5 milliard so‘mgacha, naslli chorvachilikni rivojlantirish uchun esa 20 milliard so‘mgacha kredit beriladi.
Yil oxirigacha 100 ming bosh yirik shoxli qoramol hamda 150 ming bosh qo‘y va echki import qilish topshirildi. Go‘shtni havo transporti orqali yetkazib berish xarajatlarini qoplash bo‘yicha imtiyoz yil oxirigacha uzaytiriladi.
Fevral oyida Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida yillik inflyatsiya 7,2 foizni tashkil etganini, narxlar o‘sishining 13 foizi go‘sht mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelganini ma’lum qilgan edi. Dehqon xo‘jaliklarida ishlab chiqarish qisqarishi va importning keskin oshishi fonida u yem-xashak ekinlari maydonlarini kengaytirish hamda importga qaramlikni kamaytirishni topshirgan.
2025-yilda tirik vaznda go‘sht ishlab chiqarish 1,5 foizga o‘sib, 2,99 million tonnaga yetdi. Biroq dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida ishlab chiqarish 1,9 foizga qisqarib, 2,43 million tonnani tashkil etdi. 2024-yilda esa ushbu toifadagi xo‘jaliklarda go‘sht ishlab chiqarish 4,1 foizga oshgan edi.
Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar-iyun oylarida O‘zbekiston 481,7 million dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari import qildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 42,2 foiz yoki 142,9 million dollarga ko‘p. Import hajmi esa 122,8 ming tonnadan 146,9 ming tonnagacha, ya’ni 19,7 foizga oshdi. Import qilingan mahsulotning o‘rtacha narxi kilogrammi uchun 2,76 dollardan 3,28 dollargacha ko‘tarildi.
Importning asosiy qismini mol go‘shti tashkil etdi. Yarim yil davomida 72 ming tonna mol go‘shti 359,5 million dollarga import qilindi. Hajm 9,1 foizga, qiymati esa 34,7 foizga oshgan. Mol go‘shtining o‘rtacha import narxi kilogrammi uchun 4,04 dollardan 4,99 dollargacha, ya’ni 23,4 foizga ko‘tarilgan.
Tovuq go‘shti importi 27,8 foizga oshib, 34,8 ming tonnaga yetdi. Qiymat jihatidan import 30,9 foizga o‘sib, 41,6 million dollarni tashkil qildi. O‘rtacha import narxi esa deyarli o‘zgarmay, kilogrammi uchun 1,17 dollardan 1,20 dollarga ko‘tarildi.
Eng katta narx o‘sishi qo‘y go‘shtida kuzatildi. Uning importi hajmi 20 foizga oshib, 13,3 ming tonnaga yetgan bo‘lsa, qiymati 2,7 barobar o‘sib, 38,1 million dollarni tashkil qildi. Qo‘y go‘shtining o‘rtacha import narxi kilogrammi uchun 1,26 dollardan 2,86 dollargacha, ya’ni ikki barobardan ko‘proq oshgan.
Source: www.gazeta.uz