Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda pishiqchilik paytida kartoshka narxi keskin tushib ketishi natijasida 325 ming tonna mahsulot sotilmay qolgan. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 21-iyul kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.

Davlat rahbari joylarda intervensiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganini tanqid qildi. Natijada pishiqchilik paytida kartoshkaning xarid narxi keskin pasayib ketgan va fermerlarning uni sotishga qiziqishi yo‘qolgan.

Prezident kartoshkani fermerlar foyda ko‘radigan narxda zaxiraga olib, taqchillik paytida bozorga chiqarish orqali narxni barqaror ushlash zarurligini ta’kidladi.

Meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash infratuzilmasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Yilning yarmi o‘tgan bo‘lsa-da, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Jizzax, Surxondaryo va Toshkent viloyatida meva-sabzavotni saqlaydigan birorta ham sovitkichli ombor ishga tushirilmagan.

Yil yakunigacha 87 ming tonna quvvatga ega 340 ta sovitkichli omborni ishga tushirish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, hokimlar bu yil oziq-ovqat jamg‘armalarini 2,5 barobar ko‘paytirib, 500 milliard so‘mga yetkazishi kerak edi. Lekin ayrim hududlardan tashqari birorta hokim jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazmagani aytildi.

Bosh vazir o‘rinbosariga uch kunda grafik tasdiqlab, hokimlarga oziq-ovqat jamg‘armalariga oyma-oy qancha mablag‘ tushirishini belgilab berish topshirildi.

Yig‘ilishda iqtisodiyot uchun tashqi xatarlar ham muhokama qilindi. Prezident global iqtisodiyotdagi hozirgi noaniqliklar qancha davom etishini hech kim oldindan ayta olmasligini qayd etdi. Asosiy hamkor davlatlarda iqtisodiy faollik sekinlashayotgani mahalliy korxonalarimizga, ayniqsa, eksportchilarga ta’sir qilishi mumkin.

Shu sababli barcha rahbarlar har qanday xatarlarni hisobga olgan holda o‘z zaxiralarini safarbar qilishga tayyor bo‘lishi shartligi ta’kidlandi.

Barcha tarmoq va hududlarga “aql markazlari” biriktirilgan. Endi Iqtisodiy kengash va 9 ta yo‘nalish bo‘yicha ishchi guruhlar tashkil etiladi.

Ishchi guruhlar “aql markazlari” bilan birga 15-avgustgacha tarmoq va hududlar kesimida ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi. Bu takliflar “resurs — infratuzilma — loyiha — ishlab chiqarish — budjetga tushum — eksport” zanjirini o‘zaro bog‘liq holda rivojlantirishga qaratilgan bo‘ladi.

Davlat rahbari 2027-yil uchun makroiqtisodiy parametrlar, budjet, investitsiya va eksport dasturlari mutlaqo yangicha yondashuv — “safarbarlik ssenariysi” asosida tayyorlanishi kerakligini ta’kidladi.

Yig‘ilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va hokimlar hisobot berdi, topshiriqlar ijrosini joylarda qanday tashkil qilishi bo‘yicha rejalarini aytdi.

Prezident O‘zbekiston iqtisodiyoti birinchi yarim yillikda 8,5 foizga o‘sganini ma’lum qildi. Biroq 40 million aholi turmush darajasini sezilarli oshirish uchun iqtisodiy o‘sish sur’atlari 9−10 foizga yetishi kerakligini ta’kidladi. U vazirlar va hokimlardan faqat hisobotlar bilan cheklanmasdan, aniq zaxiralar va natijalarni ko‘rsatishni talab qildi.

Source: www.gazeta.uz