Qishloq xo‘jaligi ro‘yxatga olish natijalariga ko‘ra, mamlakatdagi haqiqiy hayvonlar soni kutilganidan ancha kam ekani aniqlandi. Jumladan, yirik shoxli qoramollar soni 2,1 million boshga, qo‘y va echkilar soni esa 1,5 million boshga kam chiqdi.
Qashqadaryo viloyatida yirik shoxli qoramollar soni 171 ming boshga, qo‘y va echkilar soni 288 ming boshga kam ro‘yxatga olingan. Bu esa viloyatda 50 ming tonna go‘sht va 120 million litr sut yetishmasligiga olib kelishi mumkin.
Chorvachilikni rivojlantirish uchun may oyida Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 1 trillion so‘m ajratilgan edi. Qo‘shimcha ravishda, Rekonstruksiya va rivojlanish jamg‘armasidan 50 million dollar yo‘naltiriladi.
Bu mablag‘lar fermerlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi. Chorvachilik komplekslarini yaratish uchun 5 milliard so‘mgacha, nasldor chorvachilikni rivojlantirish uchun esa 20 milliard so‘mgacha kredit beriladi. Kreditlar 10 yil muddatga, 4 yillik imtiyozli davr bilan ajratiladi.
Yil oxirigacha xorijdan 100 ming bosh yirik shoxli qoramol va 150 ming bosh qo‘y va echki olib kelish rejalashtirilgan. Shuningdek, go‘shtni havo transportida olib kirish uchun imtiyoz muddati yil oxirigacha uzaytirildi.
Source: www.uznews.uz