CNBC va Statista tomonidan tuzilgan eng nufuzli fintech kompaniyalar reytingida O‘zbekistonning Uzum ekotizimi “Neobanking” toifasida dunyoning yetakchi fintech kompaniyalari qatoridan joy oldi.
Mazkur reyting moliyaviy xizmatlar sohasidagi eng ilg‘or texnologik kompaniyalarni aniqlashga qaratilgan bo‘lib, “Neobanking” toifasi an’anaviy filiallar tarmog‘isiz, asosan onlayn formatda bank va bankka yaqin xizmatlarni taqdim etuvchi kompaniyalarni birlashtiradi.
Uzumning ushbu reytingga kiritilishi kompaniyaning raqamli moliyaviy yechimlariga millionlab foydalanuvchilarning ishonchi ortib borayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston aholisi kundalik to‘lovlar, xaridlar, shaxsiy moliyani boshqarish va bank xizmatlari uchun raqamli xizmatlarni tobora ko‘proq tanlamoqda.
“Bu e’tirof, avvalambor, ekotizim yondashuvi millionlab odamlarning odatlarini o‘zgartirishi mumkinligini tasdiqlaydi. Biz noyob, uzluksiz foydalanuvchi tajribasini yaratmoqdamiz: oziq-ovqat buyurtma qilishdan tortib to tovarlar va xizmatlar uchun to‘lovlarni amalga oshirishgacha bo‘lgan turli kundalik vazifalarni hal qilish uchun xizmatlar yagona ekotizimda birlashtirilgan”, — dedi Uzum ekotizimining asoschisi va bosh direktori Jasur Jo‘mayev.
Statisa tadqiqotini tuzishda kompleks baholash metodologiyasidan foydalanadi. Umumiy biznes ko‘rsatkichlaridan tashqari, har bir toifa uchun bozor segmentining o‘ziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi maxsus tarmoq KPIlari qo‘llaniladi. Bu kompaniyalarni eng muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha solishtirish, biznes ko‘lamini, samaradorligini, rivojlanish dinamikasini va raqamli yetuklik darajasini baholash imkonini beradi.
Source: www.uznews.uz