Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida Qorasuv kanali qirg‘og‘ining 9 kilometr uzunlikdagi qismini obodonlashtirish bo‘yicha 32 milliard so‘mli loyiha amalga oshirilmoqda, deya xabar berdi prezident matbuot xizmati.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni kanal sohilida amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdi. Qurilish o‘tgan yili boshlangan bo‘lib, ikki bosqichga mo‘ljallangan.
Birinchi bosqich doirasida Tinchlik va Qorasuv mahallalari oralig‘idagi 1,6 km qirg‘oq obodonlashtirilgan. Hududda piyodalar uchun zamonaviy yo‘laklar, favvora, vorkaut maydonchalari, akvapark hamda ko‘prik osti tunneli qurilgan.
Shuningdek, manzarali daraxtlar, qulay o‘rindiqlar bilan birga umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham ochilgan.
Keyingi bosqichda Qorasuv, Rovatak va Fayzobod mahallalaridan o‘tuvchi qismida ko‘ngilochar, dam olish va gastronomik ko‘chalari tashkil etiladi. Savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari soni 6 taga yetkazilib, 150 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Prezident matbuot xizmatining qayd etishicha, qirg‘oqbo‘yi hududlarini obodonlashtirish nafaqat hordiq chiqarish maskanlarini barpo etish, balki hududlarda savdo, xizmat ko‘rsatish va bandlikni rivojlantirish imkoniyati sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda.
Chorshanba kuni prezident A373 avtomobil yo‘li va Toshkent katta halqa yo‘li kesishmasida qurilgan yangi yo‘l o‘tkazgich bilan ham tanishdi. Bektemir va O‘rta Chirchiq tumanlari chegarasidagi transport yechimining qiymati 240 mlrd so‘mga baholanmoqda. Unga ko‘prik, 450 metrli tunnel, aylana halqa yo‘li va boshqa obyektlar kiradi.
Source: www.gazeta.uz