Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida 47 yoshli ayol uzoq yillar davomida keliniga nisbatan jismoniy va ruhiy zo‘ravonlik qilgani uchun 5 yil ozodlikdan mahrum qilindi. Bu haqda sud hukmiga asosan “Millar” dasturi xabar berdi.

Sud hujjatlariga ko‘ra, qaynona 2022-yildan 2025-yil oktabrigacha kelinini muntazam haqorat qilgan, bir necha marta kaltaklagan, uydan haydab yuborgan va doimiy ruhiy bosim o‘tkazgan. Tergovda aniqlanishicha, u kelinini uy ishlarini bilmaslikda ayblab, ota-onasi bilan uchrashishini cheklagan va telefondan foydalanishiga to‘sqinlik qilgan.

Ayrim holatlarda qaynona kelinini sochidan tortib ko‘chaga sudrab chiqqan, yuzi va tanasining turli qismlariga urib, tan jarohati yetkazgan. 2025-yil 2-oktabr kuni kelin uzoq vaqt davom etgan tazyiqlarga chiday olmay, hovlidagi molxonada o‘z joniga qasd qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Chiroqchi tumani sudi qaynonani Jinoyat kodeksining 103-moddasi ikkinchi qismi “a” bandi (o‘zini o‘ldirish darajasiga yetkazish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Shuningdek, 57-modda (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llanilib, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Bekobod shahrida qaynonasini 14 marta pichoq urib o‘ldirgan kelin 10 yilga qamalgan edi. Ular o‘rtasidagi janjal beshik to‘yi masalasida kelib chiqqan.

Source: www.gazeta.uz