Toshkent shahrida giyohvandlik vositalari savdosi bilan shug‘ullanganlikda gumonlangan 3 nafar Ukraina fuqarosi qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
“Xavfsiz va sog‘lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi va poytaxt IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda joriy yil 12-iyun kuni O‘zbekistonga kelgan, 1994, 1997 va 2001-yillarda tug‘ilgan 3 nafar Ukraina fuqarosi vaqtincha yashayotgan Yashnobod tumanidagi ikki xonadon ko‘zdan kechirilgan.
Tekshiruv davomida poytaxtning turli hududlarida “zakladka” usulida tarqatish uchun tayyorlangan giyohvandlik vositalari borligi aniqlangan. Ular umumiy og‘irligi 1 kg 945 gramm bo‘lgan gashish, mefedron va alfa-PVP giyohvandlik vositalari ekani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, internet orqali faoliyat yurituvchi narkodo‘kon tashkilotchilari tomonidan ularga keyinchalik qadoqlab tarqatish uchun yashirin joyga qoldirilgan yana 460 gramm mefedron va alfa-PVP ham ashyoviy dalil sifatida olingan.
Holat yuzasidan ushlanganlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 6-qismi “a” bandi (Ko‘p miqdorda o‘ta xavfli retsidivist tomonidan giyohvandlik vositalarini, psixotrop moddalarni yoki ularning analoglarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ularga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: www.gazeta.uz