Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkentda bir necha oy avval do‘konli avtobus bekatlari demontaj qilingach, ularning o‘rniga yangilarini o‘rnatish ishlari boshlangan. Yozning jazirama kunlari ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlar bekatlar atrofidagi bahslarni kuchaytirgan. Foydalanuvchilar eski bekatlar olib tashlangan bo‘lsa-da, yangilari hali to‘liq ishga tushmaganini tanqid qilmoqda.

21-iyul kuni poytaxt hokimligi mas’ullari jurnalistlar uchun avtobus bekatlari bo‘ylab press-tur tashkil etdi. Tadbir davomida Dream Park istirohat bog‘i hamda Xalqlar do‘stligi san’at saroyi oldidagi yangi bekatlar, shuningdek, Lutfiy ko‘chasidagi Oqtepa aylanmasiga yaqin do‘konli bekatlar ko‘zdan kechirildi. Mas’ullar yangi bekatlarni o‘rnatish jarayoni hamda ijtimoiy tarmoqlardagi tanqidlarga munosabat bildirdi.

Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bo‘lim boshlig‘i Olloyor Norbutayevning ma’lum qilishicha, yangi bekatlarni qurish uchun investorlar ochiq elektron auksion orqali tanlangan. Tanlov ikki bosqichda amalga oshirilgan. Dastlab tajriba tariqasida 36 ta bekat auksionga qo‘yilgan va unda 3 ta tadbirkorlik subyekti qatnashgan. Keyingi bosqichda 230 ta tijoriy bekat va ular bilan birga qurilishi lozim bo‘lgan 230 ta ijtimoiy bekat — jami 460 ta obyekt auksionga chiqarilgan. Unda 2 ta tadbirkor ishtirok etgan va EWI Snacks MCHJ g‘olib deb topilgan.

Norbutayevning aytishicha, bekatlarni tadbirkorlarga berish jarayoni elektron auksion orqali inson omilisisiz amalga oshiriladi. “Bekatlar davlat standarti va prezidentning (PQ-110-son) qarorida belgilangan talablar asosida elektron auksionga chiqariladi. Auksion davomida ishtirokchilar haqida ma’lumot ko‘rinmaydi. Faqat g‘olib aniqlangach, shartnoma avtomatik tarzda tuziladi. Bu jarayonda inson omili yo‘q”, — deydi u.

Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Qosimova auksionda g‘olib bo‘lgan EWI Snacks MCHJ haqidagi ma’lumotlar yashirin emasligini ta’kidladi. “Bu ma’lumotlar E-auksion platformasida ochiq e’lon qilingan. Shuningdek, Yo‘l harakatini tashkil etish markazining rasmiy sahifalarida ham g‘olib kompaniya nomi berilgan… Istalgan kishi ushbu ma’lumotni mustaqil ravishda olishi mumkin”, — deydi Qosimova.

Tadbir davomida bekatlarni qurish ishlarini amalga oshirayotgan EWI Snacks MCHJ rahbari Jahongir Abdurahmonov ham jurnalistlarga intervyu berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya 2026-yil fevral oyida o‘tkazilgan ochiq auksionda 230 ta bekatni qo‘lga kiritgan. Ularning yillik umumiy ijara haqi 1,3 mlrd so‘mni tashkil etadi. Asosiy maqsad — bekatlar uchun ijara haqini to‘lagan holda, ularni namunaviy loyiha va tasdiqlangan konsepsiya asosida o‘z hisobidan yangi turdagi bekatlar bilan jihozlash hamda keyinchalik ularni ekspluatatsiya qilish. Kiritilgan investitsiyalarni reklama xizmatlari va o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatuvchi savdo avtomatlari orqali qoplash rejalashtirilgan.

Abdurahmonovning aytishicha, bekatlarni saqlash bilan bog‘liq barcha xarajatlar kompaniya zimmasida. Bekatlarning ozodaligi, doimiy tozaligi, chiqindi qutichilarini bo‘shatish, yuvish va tozalash ishlarini o‘zlari amalga oshiradi. Vandalizm holatlarida ham ta’mirlash o‘z hisobidan amalga oshiriladi. Bundan tashqari, bekatlarda avtobuslarning kelib-ketish vaqtini ko‘rsatuvchi elektron tablolar uchun internet, elektr energiyasi va barcha kommunikatsiya tarmoqlarini ham o‘zlari tortib kelgan.

Abdurahmonov bir bekatni qurish qiymati o‘rtacha 140 mln so‘m atrofida ekanligini, saqlash xarajati esa oyiga 2,5-3 mln so‘mni tashkil etishini ma’lum qildi. U shuningdek, konditsionerli bekatlar haqidagi takliflarga munosabat bildirib, xorij tajribasida bunday yechimlardan asta-sekin voz kechilayotganini, chunki ular o‘zini oqlamaganini aytdi. “Bekat odamlar uzoq vaqt bo‘ladigan joy emas. U yerda yo‘lovchi odatda avtobus kelguncha 5-10 daqiqa kutadi, xolos. Konditsioner samarali ishlashi uchun bekat yopiq bo‘lishi kerak, ammo odamlar doim kirib-chiqib turgani uchun ichki haroratni saqlash qiyin”, — dedi u.

Abdurahmonovning qo‘shimcha qilishicha, kompaniya ijaraga olgan bekatlarining umumiy maydoniga mutanosib ravishda yashil hudud barpo etish majburiyatini olgan. Hozirgi 230 ta bekatning umumiy maydoni taxminan 3400 kvadrat metrni tashkil etadi. Shuning uchun Toshkent shahrida xuddi shuncha maydonda yashil hudud tashkil qilish, daraxt ekish va uni keyinchalik parvarishlash majburiyati ham ularning zimmasi.

Source: www.gazeta.uz