Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston venchur investitsiyalar hajmining o‘sish sur’ati bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinni egalladi. Dealroom.co xalqaro tahliliy platformasining Q2/H1 2026 Venture Capital Report hisobotiga ko‘ra, mamlakatda startaplar tomonidan jalb qilingan mablag‘lar hajmi bir yil ichida 539,7 foizga oshgan.

Bu ko‘rsatkich bo‘yicha O‘zbekiston Keniya (325,7%), Avstriya (307,7%), Gana (278,3%), Pokiston (264,2%), shuningdek, Xitoy, Argentina, Ukraina, Xorvatiya va AQShni ortda qoldirdi. Hisobot mualliflari bunday yuqori natija asosan o‘tgan yilgi past baza va bir qancha yirik investitsion bitimlar, jumladan, Uzum va TBC Uzbekistan ishtirokidagi kelishuvlar hisobiga erishilganini ta’kidlamoqda.

2026 yilning birinchi yarmida O‘zbekistonda venchur investitsiyalar hajmi 123 million dollardan oshdi, milliy startap ekotizimining umumiy qiymati esa 3,3 milliard dollarga yetdi. Tahlilchilarning fikricha, bu dinamika mamlakatda texnologik tadbirkorlik imkoniyatlari kengayib borayotgani va xalqaro investorlarning mahalliy bozorga qiziqishi ortayotganidan dalolat beradi.

Shu bilan birga, tadqiqotchilar O‘zbekistonning yetakchiligi aynan o‘sish sur’atlariga tegishli ekanini, umumiy venchur kapital hajmi bo‘yicha esa AQSh va Xitoy eng yirik bozorlar bo‘lib qolayotganini ta’kidlaydi. Joriy yilning birinchi yarmida AQShga jahon venchur moliyalashtirishining taxminan 75 foizi to‘g‘ri kelgan.

Source: podrobno.uz