Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent — Samarqand yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi bo‘yicha pudratchi sifatida Xitoyning China Overseas Engineering Construction (COVEC) kompaniyasi tanlandi. Bu haqda 22-iyul kuni loyihani amalga oshirishga bag‘ishlangan tamal toshini qo‘yish marosimida ma’lum bo‘ldi.

China Overseas Engineering Group prezidenti Van Kun O‘zbekiston rahbariyatiga kompaniyaga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun minnatdorlik bildirdi. “O‘zbekiston ushbu tarixiy va yirik infratuzilma loyihasini amalga oshirishni bizga ishonib topshirgani biz uchun katta quvonch va sharafdir”, — dedi u “O‘zbekiston 24” telekanali syujetida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kompaniya shartnoma majburiyatlarini mehnat xavfsizligi, qurilish sifati va atrof-muhitni muhofaza qilish talablariga rioya etgan holda bajarish niyatida. Loyihani amalga oshirishda ilg‘or texnologiyalar va “yashil” qurilish tamoyillarini qo‘llash rejalashtirilmoqda.

Van Kun yangi yo‘l Yevroosiyodagi eng zamonaviy infratuzilma loyihalaridan biriga aylanishiga hamda O‘zbekistonning transport-logistika tizimi samaradorligini oshirishiga ishonch bildirdi. U, shuningdek, loyiha taqdimoti chog‘ida prezident Shavkat Mirziyoyev kompaniyaga bir qator topshiriqlar berganini ma’lum qildi, ammo ularning mazmuniga aniqlik kiritilmagan.

Loyiha qiymati qariyb 2,2 milliard dollarni tashkil etadi. Moliyalashtirishning 85 foizini Xitoy banklari, qolgan 15 foizini O‘zbekiston budjeti ajratadi. Yangi olti tasmali avtomagistralning umumiy uzunligi 282 km bo‘lib, 92 ta ko‘prik, 28 ta yo‘lotkazgich va 60 ta tunnel turidagi o‘tish joyi qurilishi rejalashtirilgan. Magistralni foydalanishga topshirish 2030-yilga mo‘ljallangan.

Tekis hududlarda ruxsat etilgan tezlik soatiga 150 km gacha bo‘lishi kutilmoqda. Trassa ishga tushgach, Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yo‘l vaqti besh soatdan 2,5 soatgacha qisqarishi, o‘tkazuvchanlik qobiliyati kuniga 60-80 mingta avtomobilga yetishi va yuk tashish tannarxi 20-24 foizga kamayishi kutilmoqda.

COVEC kompaniyasi 1987-yilda tashkil etilgan bo‘lib, China Railway Group’ning sho‘ba korxonasi hisoblanadi. Kompaniya 88 mamlakatda faoliyat yuritadi va infratuzilma, resurslarni o‘zlashtirish, sanoat investitsiyalari, savdo va ko‘chmas mulk sohalarida loyihalarni amalga oshiradi. Biroq, kompaniyaning Polshadagi A2 avtomagistrali qurilishi bo‘yicha tajribasi muvaffaqiyatsiz yakunlangan — shartnoma katta zarar va mablag‘ yetishmasligi sababli bekor qilingan edi.

Source: www.gazeta.uz