Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22-iyul kuni Nurafshon shahridagi KRANTAS brendi ostida maxsus avtomobillar, harbiy texnika va turli mexanizmlar ishlab chiqaradigan “Nurafshon maxsus texnika” korxonasiga tashrif buyurdi.

Kompaniya 6×6 va 8×8 g‘ildirak formulali yangi zirhli transportyorlarni seriyali ishlab chiqarishga tayyorlamoqda, shuningdek, yiliga 10 mingtagacha yuk avtomobili va pikap ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqda.

Korxonaning ikki ta’sischisidan biri Akmal Karimov “O‘zbekiston 24” telekanaliga bergan intervyusida kompaniya zirhli texnika ishlab chiqish bilan besh yil avval shug‘ullana boshlaganini ma’lum qildi. “Besh yil avval korxonamizda birinchi marta zirhli avtomobil ishlab chiqildi va tayyorlandi. Birinchi model Tarlon zirhli avtomobili bo‘ldi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mashina O‘zbekiston Qurolli kuchlari, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi uchun yaratilgan. Avtomobil beshinchi klass bo‘yicha himoya darajasiga ega bo‘lib, Yevropa ishlab chiqaruvchilari butlovchi qismlaridan yig‘ilgan. “Avtomobilning konstruksiyasi, dizayni va chizmalari korxonamiz konstruktorlik byurosi mutaxassislari tomonidan ishlab chiqilgan. Ya’ni bu texnika xorijiy brendlar litsenziyasi asosida yoki chet elda xarid qilingan loyiha asosida ishlab chiqarilmagan. Loyiha noldan o‘zbek muhandislari tomonidan ishlab chiqilgan va yaratilgan”, — deya ta’kidladi Akmal Karimov.

Keyinchalik korxona shahar sharoitida foydalanish uchun mo‘ljallangan, ixchamroq Qalqon-1 va Qalqon-2 zirhli avtomobillarini ishlab chiqdi. Ular to‘rtinchi klass bo‘yicha himoya darajasiga ega.

Kompaniya shuningdek, 6×6 va 8×8 g‘ildirak formulali Arslon zirhli transportyorlarini ham yaratdi. Karimovning aytishicha, mashinalar allaqachon davlat sinovlaridan o‘tgan. “Biz chizmalarini tayyorladik va ushbu mashinalarni ishlab chiqardik. Hozir bronetransportyorlar davlat sinovlaridan o‘tdi. Korxonamizda ularni konveyerda seriyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda”, — dedi u.

Gazeta xabartopgan texnik tavsiflarga ko‘ra, mashinalar bo‘linmalarni tashish, ularni o‘t ochish bilan qo‘llab-quvvatlash hamda xavf darajasi yuqori bo‘lgan hududlarda maxsus vazifalarni bajarish uchun mo‘ljallangan.

Har ikki model 30 millimetrli avtomatik to‘p va 7,62 mm kalibrli qo‘shma pulemyot bilan qurollangan. Har bir zirhli transportyor ekipaji uch kishidan iborat, desant bo‘limi esa sakkiz nafar harbiy xizmatchiga mo‘ljallangan. Mashinalarga Cummins dvigatellari va Allison avtomatik uzatish qutilari o‘rnatilgan.

Arslon 6×6 ning og‘irligi 22 tonnani, uzunligi 7 metrni, kengligi 3 metrni va balandligi 3,5 metrni tashkil etadi. Dvigatel quvvati 450 ot kuchiga teng, eng yuqori tezligi soatiga 100 km, yurish zaxirasi esa 650 km. Zirh himoyasi STANAG 4 darajasida ekani aytilgan: korpus 12,7 va 14,5 mm kalibrli o‘q-dorilar zarbasiga bardosh beradi, minaga qarshi himoyasi esa trotil ekvivalentida 8 kg gacha bo‘lgan portlashga mo‘ljallangan.

Arslon 8×8 ning og‘irligi 33 tonnani, uzunligi 8 metrni, kengligi 3,1 metrni va balandligi 3,4 metrni tashkil etadi. Zirhli transportyor 600 ot kuchiga ega dvigatel bilan jihozlangan, soatiga 105 km tezlikkacha chiqa oladi va yurish zaxirasi 600−700 km ni tashkil etadi. Himoyasi STANAG 6 darajasida ekani qayd etilgan: mashina 14,5 va 30 mm kalibrli o‘q-dorilar zarbasiga, shuningdek, og‘irligi 10 kg gacha bo‘lgan zaryad portlashiga mo‘ljallangan.

Har ikki model ham 30 daraja qiyalikdagi ko‘tarilishlardan o‘ta oladi va balandligi 1 metrgacha bo‘lgan tik to‘siqlarni yengib o‘tish imkoniyatiga ega.

“Nurafshon maxsus texnika” yuk ko‘tarish quvvati 2 tonnadan 32 tonnagacha bo‘lgan 10 ta modeldagi yuk avtomobillarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda.

Yangi loyiha uchun korxona Turkiya, Xitoy va Yevropa mamlakatlaridan uskunalar xarid qildi. Ularni o‘rnatish va ishga tushirish uchinchi hamda to‘rtinchi choraklarga rejalashtirilgan.

“Shundan keyin [rejaga ko‘ra] yiliga 10 mingtagacha yuk avtomobili va pikap ishlab chiqarish quvvatiga ega ishlab chiqarishni boshlaymiz. Loyiha ishga tushirilgach, 550 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, shuningdek, qo‘shimcha soliq tushumlari ham ta’minlanadi”, — dedi Akmal Karimov.

Kompaniya avvalroq import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirayotganini ma’lum qilgan edi. Keyingi rivojlanish uchun Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 10 gektar hududda yangi zavod qurish rejalashtirilmoqda. Loyiha yiliga 15−18 mln dollarlik mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish imkonini berishi kutilmoqda.

Korxona shuningdek, 6×6 g‘ildirak formulali 155 millimetrli To‘fon o‘ziyurar artilleriya qurilmasini namoyish etdi. U qo‘shinlarni o‘t ochish bilan qo‘llab-quvvatlash, kontrbatareya kurashi, texnika va istehkomlarni yo‘q qilish, shuningdek, aniq zarbalar berish uchun mo‘ljallangan.

Taqdim etilgan texnik tavsiflarga ko‘ra, qurilmaning og‘irligi 27 tonnani tashkil etadi, ekipaji esa to‘rt nafardan olti nafargacha kishidan iborat. Mashinaning uzunligi 11,7 metr, kengligi 2,5 metr, balandligi esa 3,8 metrga yetadi.

To‘fon 155 mm kalibrli, zambarak uzunligi 52 kalibr bo‘lgan qurol va 18 ta o‘q-doriga mo‘ljallangan jangovar zaxira bilan jihozlangan. Qo‘llaniladigan o‘q-dori turiga qarab o‘q uzish masofasi 41−50 km ni tashkil etadi, o‘q uzish tezligi esa daqiqasiga olti-yetti marta. Qurilmani jangovar holatga keltirish uchun taxminan 30 soniya talab etiladi.

Mashinaning eng yuqori tezligi soatiga 100 km etib ko‘rsatilgan, yurish zaxirasi — 600 km, dvigatel quvvati — 335 ot kuchi. O‘t ochishni boshqarish va navigatsiya uchun GPS/INS sun’iy yo‘ldosh-inersial tizimi nazarda tutilgan.

Prezident matbuot xizmati e’lon qilgan suratlar va “O‘zbekiston 24” telekanali syujeti orqali modernizatsiya qilingan T-64 tanki ham namoyish etildi.

Gazeta aniqlashicha, mashina zambaragining uzunligi 6350 mm bo‘lgan 125 millimetrli 2A46 to‘pi bilan jihozlangan. Jangovar zaxirasi 37 ta snaryaddan iborat, e’lon qilingan o‘q uzish masofasi esa 10 km gacha.

Modernizatsiya qilingan tankning og‘irligi 38,5 tonnani tashkil etadi, ekipaji — uch kishi. Uning uzunligi 6540 mm, kengligi 3415 mm, balandligi 2170 mm ga yetadi. Yurish zaxirasi 500 km deb ko‘rsatilgan.

Tankning kuch qurilmasi modernizatsiya qilinib, eskirgan 5 silindrli 5TDF dvigateli o‘rniga Janubiy Koreyaning Doosan Infracore kompaniyasi ishlab chiqargan, quvvati 950 ot kuchiga teng DP222LC dvigateli o‘rnatilgan.

Bu hajmi 21,9 litr bo‘lgan 12 silindrli V-shaklli dizel dvigateldir. Modernizatsiyadan so‘ng tankning eng yuqori tezligi soatiga 50 km ni tashkil etadi.

Taqdimotda zirh himoyasining qalinligi ham ko‘rsatilgan: bir uchastkada 80 mm, boshqa uchastkada esa 80+105 mm kombinatsiyalangan himoya.

Source: www.gazeta.uz