O‘zbekistondagi davlat muzeylarida olib borilayotgan xatlov ishlari davomida “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari hamda Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi fondlarida muzey ashyolari kamomadi aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi xabar berdi.
Xususan, “Qo‘qon” davlat muzey-qo‘riqxonasi va uning filiallari, jumladan, G‘afur G‘ulom nomidagi Qo‘qon adabiyot muzeyida 500 ga yaqin, Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida esa 16 dona fond hisobida mavjud bo‘lgan eksponatlar mavjud emas.
Aniqlangan holatlar yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho berish va tegishli choralar ko‘rish uchun hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi, deyiladi xabarda.
Muzey ashyolari va kolleksiyalarining saqlanish holatini o‘rganish maqsadida mamlakat muzeylarida xatlov ishlari bosqichma-bosqich o‘tkazilmoqda. Bu prezidentning 2022-yilgi qarorida ko‘zda tutilgan edi. Hujjatda Bosh prokuratura, Madaniy meros agentligi, Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi hamda Fanlar akademiyasiga mulkchilik shakli va idoraviy bo‘ysunishidan qat’i nazar, barcha muzeylardagi muzey ashyolari va kolleksiyalarini, shuningdek, boshqa fondlardagi madaniy boyliklarni to‘liq inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirilgan edi.
Source: www.gazeta.uz