Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

2025-yil yakunlariga ko‘ra, Toshkent, Samarqand, Andijon, Jizzax va Buxoro viloyatlarida import eksportdan jami qariyb 5,6 mlrd dollarga oshgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 21-iyul kuni prezident Shavkat Mirziyoyev yilning birinchi yarmi yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilishda bildirdi.

Davlat rahbari ayrim hududlarda import eksportga nisbatan tezroq o‘sib borayotganini ta’kidlab, hokimlarni bu holatni tahlil qilmaganlikda aybladi. “O‘tgan yili Toshkent viloyatida import eksportdan 1,9 mlrd dollarga, Samarqandda 1,4 mlrd dollarga, Andijonda 866 mln dollarga, Jizzaxda 792 mln dollarga, Buxoroda esa 662 mln dollarga oshdi”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi vaziyatni alohida o‘rganishni topshirganini bildirdi. Hududdagi 4300 ta sanoat korxonasidan atigi 295 tasi, ya’ni taxminan 7 foizi eksport bilan shug‘ullanadi. Shu bilan birga, mazkur korxonalar sanoatda band bo‘lganlarning 60 foizini ta’minlab, tarmoq soliq tushumlarining 42 foizini yoki 575 mlrd so‘mni shakllantirgan.

Prezident investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov, Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi direktori Akmal Jumanazarov hamda tuman hokimlarini tanqid qildi. “Nega boshqa korxonalar mahsuloti uchun bozor topish, ularga standart va sertifikatlashtirishda yordam berish haqida o‘ylamayapti? Bu rahbarlarning birortasi ham kabinetda o‘tirishga haqli emas. Namanganga borib, bir hafta ichida eksportni oshirish tizimini yaratsin”, — dedi prezident.

So‘nggi uch yilda mamlakatda eksportbop mahsulot ishlab chiqarishga mo‘ljallangan 509 ta yangi quvvat ishga tushirildi. Biroq shundan 208 ta korxona haligacha eksportni boshlamagan. “Nega Qudratov, Vahobov, Urunov, Jumanazarov va Yusupaliyev bu korxonalarga borib, ularga yordam bermaydi? Agar ular mahsulotining kamida 30−40 foizini eksport qilganida, O‘zbekiston banklariga kamida 1,5−2 mlrd dollar valyuta tushumi kelgan bo‘lar edi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning ma’lum qilishicha, yil boshidan buyon mamlakatdagi 47 ta erkin iqtisodiy zonaning 29 tasida umuman eksport amalga oshirilmagan. Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev va mas’ul idoralar rahbarlariga 208 ta korxona hamda 29 ta erkin iqtisodiy zonaga tezkor guruhlar yuborish topshirildi. “Rahbarlar har kuni tezkor guruhlar bilan bog‘lanib, korxonalar muammolarini zudlik bilan hal qiladigan tizimni yo‘lga qo‘ying”, — dedi prezident.

Yilning birinchi yarmida O‘zbekiston iqtisodiyoti 8,5 foizga, sanoat 8 foizga, xizmatlar sohasi 16,9 foizga, qurilish 13,8 foizga va qishloq xo‘jaligi 4,7 foizga o‘sdi. Prezident 40 million aholi turmush darajasini yaxshilash uchun iqtisodiyot yiliga kamida 9−10 foizga o‘sishi zarurligini ta’kidladi.

2025-yilda O‘zbekiston eksporti 24 foizga o‘sib, 33,8 mlrd dollarga yetdi. Import esa 18,5 foizga oshib, 47,3 mlrd dollarni tashkil qildi. Tashqi savdo taqchilligi 13,5 mlrd dollardan oshib, 2024-yilga nisbatan 6,6 foizga ko‘paydi (2024-yilda — 12,7 mlrd dollar). Agar rekord darajadagi oltin eksporti va xizmatlar sohasidagi ijobiy savdo balansi bo‘lmaganida, bu ko‘rsatkich yanada yuqori bo‘lar edi.

Source: www.gazeta.uz