O‘zbekistonning Efiopiya va Janubiy Afrikadagi elchisi Ashraf Xodjayev ikki mamlakat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi, deya xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Ma’lum qilinishicha, diplomat Efiopiya tashqi ishlar davlat vaziri Xadera Abera hamda JAR Tashqi ishlar vazirligi Xalqaro munosabatlar va hamkorlik departamenti vakili Sandive Fadana bilan muzokaralar olib borgan.
Muloqot chog‘ida tomonlar o‘zbekistonliklar uchun viza rasmiyatchiligini soddalashtirish va jarayonni yengillashtirish, o‘zaro vizasiz tartib joriy etish istiqbollari hamda fuqarolarning sayohatlari uchun yanada qulay va maqbul sharoitlar yaratish masalalarini muhokama qilgan.
Muzokaralar yakunida viza tartibini soddalashtirish orqali turizm, savdo-iqtisodiy hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni yanada faollashtirishga kelishib olingan.
2025-yil 1-avgust holatiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolari Efiopiyaga tashrif buyurish uchun elektron viza (E-visa) olishlari mumkin. Janubiy Afrika Ichki ishlar vazirligi talablariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar mamlakatga kirishi uchun vizani oldindan rasmiylashtirishi lozim. Chegarada viza olish yoki vizasiz kirish imkoniyati mavjud emas.
Source: www.gazeta.uz