Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Belarusning yirik korxona va tashkilotlari O‘zbekiston fuqarolari uchun yuzlab bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilmoqda. Migratsiya agentligi xabariga ko‘ra, loyiha doirasida fuqarolar nafaqat rasmiy ishga joylashishi, balki oila a’zolari bilan birga Belarusda yashash imkoniyatiga ham ega bo‘ladi.

Taklif etilayotgan vakansiyalar qurilish, qishloq xo‘jaligi, traktor va yuk avtomobili haydovchiligi, o‘rmon xo‘jaligi, chorvachilik, ekskavator boshqarish, veterinariya, payvandlash hamda metallni qayta ishlash sohalarini qamrab oladi. Ish haqi nomzodning kasbiy malakasi va ish tajribasiga qarab oyiga 700 AQSh dollaridan boshlanadi, yuqori malakali mutaxassislar uchun esa yanada yuqori maosh taklif qilinadi.

Dasturda 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishtirok etishi mumkin. Haydovchilik va maxsus texnika bo‘yicha vakansiyalarga murojaat qiluvchilarda tegishli haydovchilik guvohnomasi yoki malaka hujjati bo‘lishi talab etiladi. Shu bilan birga, Rossiya Federatsiyasiga kirish taqiqi qo‘yilgan fuqarolar mazkur dasturda ishtirok eta olmaydi.

Ish beruvchi tomonidan Belarusga aviachipta yoki yo‘l xarajatlari, bepul turar joy hamda hujjatlarni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab berilishi qayd etildi. Migratsiya agentligi Belarusga mustaqil ravishda borgan fuqarolar munosib ish topishda qiyinchilikka duch kelishi mumkinligini ta’kidlab, agentlik orqali tashkiliy tartibda ishga joylashish ishonchli ish beruvchi, rasmiy mehnat shartnomasi va davlat nazoratidagi xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlashini bildirdi.

Qo‘shimcha ma’lumotni 1282 qisqa raqami orqali olish mumkin. Belarusda ishlash istagida bo‘lganlar maxsus onlayn anketa orqali ariza topshirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarusga davlat tashrifi yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasida fuqarolarni Belarusda vaqtincha mehnat faoliyatiga tashkiliy tartibda jalb etish to‘g‘risidagi bitim imzolangan edi. Muzokaralar chog‘ida Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakatda ishchi kuchi yetishmasligini qayd etib, o‘zbekistonliklarni oilalari bilan Belarusga kelib ishlash va yashashga taklif qilgan.

Shavkat Mirziyoyevning Belarusga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar doirasida Andijon va Vitebsk viloyatlari o‘rtasida “yo‘l xaritasi” tasdiqlangan edi. Uning ijrosi doirasida tashkiliy asosda 255 nafar Andijon viloyati fuqarosi Vitebsk viloyatiga ishga jo‘natilgan. Biroq keyinroq ijtimoiy tarmoqlarda mazkur guruh tarkibidagi ayrim mehnat muhojirlari va’da qilingan ish haqi to‘lanmayotganidan norozi ekani aks etgan videomurojaatlar tarqaldi. Migratsiya agentligi o‘shanda vaziyat o‘rganilayotganini va mehnat shartnomasi shartlari bajarilmagan taqdirda ishchilar boshqa ish joylariga o‘tkazilishini ma’lum qilgan.

Source: www.gazeta.uz